Armaniston Prezidenti Putindan yordam so‘radi. Mavzu Ozarbayjon bilan bog‘liq
Olam
−
30 noyabr 2020
8405Armaniston Prezidenti Armen Sarkisyan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putindan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlar vaqtida Ozarbayjon asir olgan harbiylarni Vatanga qaytarishda yordam so‘radi.
Putinga yo‘llangan maktubda arman jamiyati va diasporasi Ozarbayjonga asir tushgan harbiylar va fuqarolar atrofida yuzaga kelgan vaziyatda tashvishda ekani bildirilgan.
Armaniston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Prezidentining vositachiligi ushbu ta’sirchan masalani yechishda muhim rol o‘ynaydi.
Qayd etish kerakki, Ozarbayjon armanistonlik qancha harbiyni asirlikda ushlab turgani haqida rasmiy ma’lumotlar mavjud emas.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 sentyabr kuni Armaniston va Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘da harbiy harakatlarni boshlagandi. Har ikki tomon ham bir-birini tashviqotda ayblab, to‘liq yoki qisman harbiy safarbarlik e’lon qilgandi.
Joriy yilning 9 noyabr kuni Rossiya va Ozarbayjon Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev hamda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Tog‘li Qorabog‘dagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatish to‘g‘risida qo‘shma bayonotni imzoladilar.
Bayonotga ko‘ra, Armaniston va Ozarbayjon egallab turgan pozitsiyalarida to‘xtadi, keyin bir qator tumanlar Baku nazorati ostiga o‘tishi belgilandi. Sulhga ko‘ra, tomonlar o‘zaro asirlar, yaradorlar va halok bo‘lganlarning jasadlarini almashishni allaqachon boshladi.
Shuningdek, 1960 kishidan iborat Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Qorabog‘ni Armaniston bilan bog‘laydigan Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.
Keyinchalik, Rossiya harbiylari Tog‘li Qorabog‘da tinchlikparvar kuchlar nazoratidagi hududlarda minalardan tozalash ishlarini davom ettirayotgani xabar qilindi.
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Rossiya qo‘shinlari Qorabog‘da besh yildan ko‘proq qolishidan umidvorligini bildirdi. Pashinyan TASS nashriga bergan intervyusida ushbu besh yillik davr nimaga asoslanib belgilangani va shu vaqt ichida nimalar qilish kerakligi haqida gapirdi.
Pashinyanga ko‘ra, Rossiya tinchlikparvar kuchlari mintaqada xavfsizlik va barqarorlik kafolatlarini yaratishi zarur. Uning qo‘shimcha qilishicha, RTKning Tog‘li Qorabog‘da bo‘lish muddati besh yil bilan cheklanib qolmaydi.
LiveBarchasi