Armaniston parlamentida yana ommaviy mushtlashuv bo‘ldi (video)

Olam

image

Armaniston Milliy majlisining navbatdan tashqari yig‘ilishida hukmron va muxolifat partiya a’zolari o‘rtasidagi og‘zaki bahs mushtlashuvga aylandi. Hodisa “24 News” telekanalining You Tube sahifasida jonli efirda namoyish qilindi.

“News.am” nashriga ko‘ra, yig‘ilishda “Armaniston” muxolif blokidan deputat Artur Sarkisyanga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atishga rozilik berish haqidagi iltimosnoma muhokama qilingan.

“Hammasi allaqachon hal bo‘lgan va tushunarli. Hibsga olish va deputatlik daxlsizligidan mahrum qilish qarorlari ham qabul qilingan. Shu bois men bu qimmatli vaqtni voyaga yetmagan farzandlarimga bag‘ishlashga qaror qildim. To‘rt farzandim va turmush o‘rtog‘im bilan cherkovga boramiz. Sham yoqamiz va so‘ngra o‘z xohishim bilan Tergov qo‘mitasiga boraman”, deydi Sarkisyan.

U, shuningdek, Milliy majlis binosida qolishining endi ma’nosi yo‘qligini bildirgan. Sarkisyanning qarori parlamentdagi muxolifat vakillari tomonidan olqish bilan kutib olingan.

So‘ng “Fuqarolik shartnomasi” hukmron partiyasi vakili, parlament raisining o‘rinbosari Ruben Rubinyan Sarkisyanning qaroriga izoh berishga harakat qilgan. Zalda esa chiqib ketayotgan Sarkisyanning javobi eshitilgan. Shundan so‘ng hukmron partiya deputatlari o‘rinlaridan turib, Sarkisyanga baland ovozda baqira boshlagan va unga musht bilan tashlangan.

Rubinyan vaziyatni nazorat ostiga ololmagani bois yig‘ilishga tanaffus e’lon qilgan.

“Armaniston” muxolif fraksiyasi deputati Kristine Vardanyanning aytishicha, Artur Sarkisyan nutqidan so‘ng zaldan chiqmoqchi bo‘lganida “Fuqarolik shartnomasi” partiyasidan deputat Vage Galumyan uni ortidan quvib borib, orqadan hujum qilgan.

“Artur Sarkisyan bugun deputatlik daxlsizligidan mahrum qilinishi kutilmoqda, shuning uchun bir necha soatni oilasi bilan o‘tkazmoqchi edi. Ammo Galumyan uning ortidan yugurib, orqadan hujum qildi”, deydi u.

Vardanyanning so‘zlariga ko‘ra, janjalda hukmron partiya deputatlarining yordamchilari ham qatnashgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Armaniston parlamenti majlisida spiker va muxolifat deputati o‘rtasidagi og‘zaki tortishuv oxir-oqibat mushtlashuvga aylanib ketgandi. Vaziyatni bartaraf etish uchun xavfsizlik xizmati jalb qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Armaniston parlamenti Milliy majlis Artur Sarkisyan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar