Armaniston Ozarbayjonni askar o‘limida aybladi. Baku buni rad etdi
Olam
−
23 noyabr 2021
3059Armaniston Mudofaa vazirligi kecha, 22 noyabr kuni chegarada Ozarbayjondan o‘qqa tutilishi natijasida bir askar halok bo‘lgani haqida ma’lum qildi.
“22 noyabr kuni taxminan soat 18:10 (Toshkent vaqti bilan 19:10) da Ozarbayjon Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Armaniston-Ozarbayjon chegarasida joylashgan armanlarning pozitsiyalarini turli kalibrli avtomatlardan o‘qqa tutdi. Otishma natijasida muddatli harbiy xizmatchi, 2002 yilda tug‘ilgan oddiy askar Suren Safaryan halokatli o‘q jarohati oldi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, soat 19:30 da (Toshkent vaqti bilan 20:30) otishma to‘xtatilgan.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston bilan chegaradagi otishmaga aloqadorlik haqidagi ayblovlarni rad etdi.
“Bir qator arman ommaviy axborot vositalarining bo‘linmalarimiz tomonidan go‘yoki Kalbajar yo‘nalishida sodir bo‘lgan, natijada bir arman askari yaralangani haqidagi xabarlari yolg‘ondir. Biz shuni e’lon qilamizki, bo‘linmalarimiz ko‘rsatilgan hududda o‘t ochmagan”, deyilgan Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xabarida.
Ma’lumot uchun, 2020 yilning 11 noyabriga o‘tar kechasi Rossiya vositachiligida Ozarbayjon va Armaniston yetakchilari o‘q uzishni to‘xtatish bo‘yicha uch tomonlama bayonot imzolagan bo‘lsalar-da, hali-hanuz ikki o‘rtadagi chegara notinch, vaqti-vaqti bilan chegarada o‘q otilib turadi.
LiveBarchasi