Armaniston “ODKB”dan harbiy yordam kutayotganini ochiqdan-ochiq aytdi
Olam
−
14 Sentabr 2022
8177Armaniston Ozarbayjon qo‘shinlarini mamlakatdan chiqarib yuborish uchun Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotidan harbiy yordam kutmoqda. Bu haqda bugun, 14 sentyabr kuni mamlakat Xavfsizlik kengashi kotibi Armen Grigoryan ma’lum qildi.
"Ozarbayjon keng ko‘lamli agressiyani boshlashi bilan Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishida biz 1997 yilgi kelishuv asosida KXSHT va Rossiyaga murojaat qilishga qaror qildik. Armaniston KXSHTdan hozirgi reaksiyadan ko‘ra ko‘proq narsani kutmoqda. Biz KXSHTdan Ozarbayjon qo‘shinlarini mamlakatdan chiqarib yuborish uchun Armanistonga yetarli darajada harbiy yordam ko‘rsatishini kutamiz”, deydi Grigoryan Jamoatchilik telekanaliga bergan intervyusida.
Ertaga, 15 sentyabr kuni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) missiyasi 15 sentyabr kuni Armanistonga kiradi. Tashkilot Bosh kotibi Stanislav Zas esa kelasi hafta Armanistonga jo‘nab ketishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, tashkilot qo‘shma shtab boshlig‘i, general-polkovnik Anatoliy Sidorov boshchiligidagi KXSHT missiyasining oldingi guruhi 15 sentyabr kuni Armanistonga uchadi.
Eslatib o‘tamiz, 13 sentyabrga o‘tar kechasi Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiyani amalga oshirgan edi.
Armaniston va Ozarbayjon chegarasida janglar 13 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 00:05 da boshlandi. Baku Yerevanni provokatsiyalarda aybladi va shuning ortidan to‘qnashuv yuz berganini ma’lum qildi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, 13 sentyabrga o‘tar kechasi Armaniston Qurolli Kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon-Armaniston davlat chegarasining Dashkesan, Kalbajar va Lochin yo‘nalishlarida keng ko‘lamli provokatsiya sodir etgan. To‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 50 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘ldi. Tomonlar 13 sentyabr kuni tongda o‘t ochishni to‘xtatish rejimi tiklashga kelishib oldi.
Armanistonning talabi bilan Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining Kollektiv xavfsizlik kengashining navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda tashkilot bosh kotibi rahbarligidagi missiya voqea joyiga borib, vaziyatni o‘rganishiga kelishildi.
Qorabog‘ urushi
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi