Armaniston – mintaqa uchun asosiy tahdid – Ozarbayjon TIV

Olam

image

Armanistonning 2020 yil 10 noyabrdagi uch tomonlama bayonotidan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarmaganligi mintaqadagi tinchlik, xavfsizlik va taraqqiyotga asosiy tahdid hisoblanadi. Bu haqda Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramov Yevropa komissiyasining Sharqiy qo‘shnichilik va institutsional qurilish bo‘yicha departamenti direktori Lorens Meredit boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvda ma’lum qildi. 

Vazir mehmonlarga mojarodan keyingi davrda mintaqadagi mavjud vaziyat, ishg‘oldan ozod qilingan hududlarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli rekonstruksiya va qurilish ishlari, Armanistonning amalga oshirilgan ishlarga tahdid soluvchi provokatsiyalari, shuningdek, mina xavfi haqida batafsil ma’lumot bergan.  

Uchrashuvda Ozarbayjon va Yevropa Ittifoqi (YeI) o‘rtasidagi turli sohalarda, xususan, iqtisodiyot, energetika, sarmoya, transport va boshqa sohalardagi hamkorlik kun tartibi, shuningdek, mintaqaviy vaziyat bo‘yicha hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashilgan. 

Bayramov Yevropa Ittifoqi bilan energiya xavfsizligi sohasida hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri haqida gapirar ekan, muqobil energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik nuqtai nazaridan 2022 yil 18 iyulda Ozarbayjon va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolanishi muhimligini ta’kidlagan. 

Qorabog‘ urushi

1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi.  Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston

Baholaganlar

14

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing