Armaniston Ikkinchi Qorabog‘ urushi saboqlarini yodda tutishi kerak – Aliyev
Olam
−
08 noyabr 2022
4063Armaniston tomoni Ikkinchi Qorabog‘ urushi saboqlarini yodga olishi va olov bilan o‘ynash Yerevanga qimmatga tushishini tushunishi kerak. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev 8 noyabr kuni Shusha shahridagi G‘alaba kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda harbiy xizmatchilar oldida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.
“Agar Armaniston hukumati yoki muxolifati yoki kimdir yana Ozarbayjonga qarshi rejalar tuzsa, u mamlakatimizning “temir mushti”ga duch keladi. So‘nggi ikki yildagi voqealar buni ko‘rsatdi”, deydi Prezident.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bugun Armanistonda 2020 yilgi urush natijalariga chidashni istamagan revanshist kuchlar bosh ko‘tarmoqda. Aliyev joriy yil voqealari, jumladan, “Farrux” va “Qasos” operatsiyalari, shuningdek, 13-14 sentyabr kunlari Armaniston-Ozarbayjon chegarasida sodir bo‘lgan voqealarni esladi.
“Bularning barchasi Armaniston uchun saboq bo‘lishi kerak. Umid qilamizki, ular oxir-oqibat tushunadi va o‘z ichki ishlari bilan shug‘ullanadi, qo‘shnilarining yerlariga kirmaydi”, deydi Prezident Aliyev.
Ilhom Aliyevning ta’kidlashicha, Rossiya harbiylari Ozarbayjon hududlarida vaqtincha joylashgan. Prezidentning ta’kidlashicha, Yerevan 2020 yil 10 noyabrdagi uch tomonlama bayonotning bandlariga to‘liq amal qilmayapti.
“Armaniston o‘z Qurolli Kuchlarini Qorabog‘dan to‘liq olib chiqmagan. Armaniston Qurolli Kuchlari Qorabog‘da nima qilyapti? Bizning sabr-toqatimiz cheksiz emas! Bizga Zangezur yo‘lagi ham berilmadi. Shu bilan birga, arman tomoni vaqti-vaqti bilan harbiy provokatsiyalarni amalga oshiryapti. Albatta, biz tayyor bo‘lishimiz kerak va biz tayyormiz”, deydi Ilhom Aliyev va Zangezur yo‘lagi Armanistonning majburiyati ekanligini ta’kidlab.
Prezident ikki yil avval Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Shusha shahrini dushman bosqinidan ozod etib, o‘z tarixi yilnomasiga shonli sahifa yozganini esladi.
“Biz hammamiz tushundikki, Shusha shahrisiz g‘alabamiz to‘liq bo‘lmaydi”, deydi Ozarbayjon rahbari.
Qorabog‘ urushi
1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi. Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.
Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.
Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.
44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.
LiveBarchasi