Armaniston Gaaga sudiga Ozarbayjonga qarshi da’vo kiritdi
Olam
−
30 Sentabr 2023
4248Yerevan tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘dagi armanlarga nisbatan irqiy kamsitishlar ayblovi bilan Ozarbayjonga qarshi Gaaga xalqaro arbitraj sudiga da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda sud saytidagi press-relizda aytilgan.
Murojaatga ko‘ra, Ozarbayjondan fuqarolik ob’ektlaridan harbiylarni olib chiqib ketish, gaz va elektr ta’minotini tiklash hamda Qizil Xochning mintaqadagi ishiga aralashmaslik talab qilinmoqda.
Armaniston shuningdek, BMT sudidan Bakuga “Tog‘li Qorabog‘dagi armanlarni siqib chiqarishga qaratilgan har qanday xatti-harakatlardan voz kechish” majburiyatini yuklashni so‘ramoqda.
Yerevan Bakuning “Tog‘li Qorabog‘ning amaldagi yoki sobiq siyosiy vakillari yoki harbiy xizmatchilariga nisbatan jazo choralarini qo‘llashi”dan xavotirda.
Da’vogarlarning fikricha, Xalqaro sud Ozarbayjonga mintaqadagi arman madaniy merosi obidalarini, jumladan, 1915 yilda Usmonli imperiyasida (Armaniston iddaosicha) arman genotsidi qurbonlari xotirasiga o‘rnatilgan yodgorliklarni buzish yoki o‘zgartirishni taqiqlashi kerak.
Arizada Baku hujjat BMT sudiga topshirilgan kundan boshlab, bir oy ichida uni bajarish choralari to‘g‘risida hisobot berishi, so‘ngra ish bo‘yicha qaror qabul qilingunga qadar, har uch oyda sudni xabardor qilishi shartligi ham ko‘rsatilgan.
Eslatib o‘tamiz, 19 sentyabr kuni (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘da vaziyatning yana keskinlashuvi yuz berdi. Baku "mahalliy aksilterror choralari" boshlanganini e’lon qildi va arman harbiylarini mintaqadan olib chiqib ketishni talab qildi. Yerevan Qorabog‘da arman Qurolli kuchlari yo‘qligini ta’kidlab, sodir bo‘layotgan voqealarni “keng ko‘lamli tajovuz” deb atadi. Rossiya mojaro tomonlarini qon to‘kilishini to‘xtatib, diplomatik kelishuvga qaytishga chaqirdi. 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Rossiya tinchlikparvar kontingenti ishtirokida Qorabog‘da aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini ma’lum qildi.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi