Armani moda imperiyasi asoschisi vafot etdi
Madaniyat-san’at
−
04 Sentabr 8199 2 daqiqa
Italiyalik modeler va tadbirkor, Armani kompaniyasi asoschisi Jorjo Armani 91 yoshida vafot etdi. Bu haqda “La Repubblica” xabar berdi. Keyinroq ushbu xabarni Armani Group ham tasdiqladi.
“Janob Armani xodimlari va hamkorlari orasida hurmat va ehtirom qozongan. U yaqinlari davrasida tinch va osoyishta olamdan o‘tdi. U o‘zini kompaniyaga, uning kolleksiyalariga, turli va doimiy o‘zgarib turadigan loyihalariga bag‘ishlab, tinimsiz ishladi”, deyiladi xabarda.
Modeler 1934 yilda Shimoliy Italiyadagi Pyachense shahrida tug‘ilgan. U 1975 yilda o‘zining do‘sti, me’mor Serjo Galleotti bilan birgalikda Armani kompaniyasiga asos solgan. Kompaniya ko‘plab mukofot va sovrinlarga sazovor bo‘lgan. Ular orasida “Neiman Marcus Fashion Award” mukofoti (1979), eng yaxshi xalqaro dizayner mukofoti, erkaklar kiyimlari sohasidagi ulkan xizmatlari uchun mukofot (ikkalasi ham Amerika Modelerlar Kengashidan), GQ jurnalining “Yil dizayneri” mukofoti, “Walk of Style”ning birinchi mukofoti (2003) – moda va kino olamlarini birlashtirishdagi roli uchun va boshqa mukofotlar bor. Armani kompaniyasining hozirgi qiymati aniq ochiqlanmagan, lekin yillik aylanmasi 2,5–2,7 milliard dollarni, savdo tarmog‘i esa taxminan 3 mingta do‘konni tashkil etadi.
Shuningdek, Armani – Georgio Armani SpA kompaniyasining hammuassisi va yagona egasi bo‘lib, u Milan shahrida joylashgan moda uyi hisoblanadi. Yaqin doirada boshqariladigan bu kompaniya 2024 yilda 2,3 milliard yevro daromad ko‘rgan. Bu daromad AJ Armani Jeans va Emporio Armani kabi brendlardan tushgan.
Live
Barchasi