Arman millatiga mansub ayol Falastin Tashqi ishlar vaziri bo‘ldi

Olam

image

Falastin Prezidenti Mahmud Abbos Iordaniyada istiqomat qilgan falastinlik qochqinlar oilasidan bo‘lgan etnik arman millatiga mansub texnokrat Varsen Agabekyanni Falastinning yangi hukumatida Tashqi ishlar va emigrantlar ishlari bo‘yicha davlat vaziri etib tayinladi. Bu haqda yangi hukumatni shakllantirish to‘g‘risida Prezident farmonida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Agabekyan 1958 yilda tug‘ilgan. U Prezidentning Falastindagi cherkov ishlarini nazorat qilish bo‘yicha Oliy qo‘mitasi a’zosi bo‘lgan. 1983 yilda AQSHning Indiana shtatidagi Purdue universitetida magistr, Pitsburg universitetida siyosatshunoslik fanlari doktori ilmiy darajasini olgan. 1988 yildan 2008 yilgacha Quddus universitetida dotsent, keyin dekan lavozimlarida ishlagan. 

Ma’lumot uchun, armanlar va falastinliklar uzoq va murakkab tarixga ega bo‘lgan ikki xalq hisoblanadi. Ularning munosabatlari milodiy IV asrda arman ziyoratchilarining Quddusga kelishi bilan boshlanadi. Ikkala xalq ham turli imperiyalar va davlatlar tomonidan genotsid, ko‘chirish, ishg‘ol qilish va kamsitishlardan aziyat chekkani aytiladi.

Davlatlararo darajada Armaniston falastinliklarning 1967 yilgi chegaralarida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil davlat barpo etish huquqini qo‘llab-quvvatlaydi. Armaniston, shuningdek, Isroilning ko‘chirish siyosatini, G‘azo sektorining blokadasini va falastinliklarning inson huquqlari buzilishini qoralaydi. Armaniston Isroil bilan to‘liq, an’anaviy shakldagi diplomatik aloqalarga ega emas va rasmiy Tel-Avivni Qorabog‘ masalasida Ozarbayjonni harbiy va iqtisodiy qo‘llab-quvvatlashini tanqid qiladi.

Armaniston Falastin mustaqilligini qo‘llab-quvvatlaydi va Falastin a’zosi bo‘lgan Arab davlatlari Ligasining kuzatuvchisi hisoblanadi. Prezident Serj Sarkisyan Armaniston Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilashini qo‘llab-quvvatlashini aytgan. Falastin Prezidenti Mahmud Abbos ham Armanistonni qo‘llab-quvvatlashini bildirib, mamlakatni "Falastinning buyuk ittifoqchisi"deb atagan.

Falastin xalqining umummilliy yetakchisi va milliy ma’muriyatining 1-prezidenti Yosir Arofat arman va Falastin xalqlari bitta millat ekanligini urg‘ulagan.

"Biz va armanlar bir xalqmiz. arman xalqi Qorabog‘da adolatli urush olib bormoqda. Ular biz kabi mazlum odamlar. Shuning uchun biz bu urushda arman xalqi bilan birgamiz", degan u.

Joriy yilning 5 mart kuni Misr Arab Respublikasiga davlat tashrifi bilan borgan Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Misr orqali Falastin davlatiga gumanitar yordam yuborilishini ma’lum qilgan va kecha, 28 mart kuni Armaniston Respublikasidan G‘azo aholisiga 30 tonnadan ortiq gumanitar yordam olib ketayotgan samolyot Misrning al-Arish shahri harbiy aeroportiga qo‘ngani xabar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Falastin Varsen Agabekyan Arman

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing