Arman xalqi uchun muhim — Putin Pashiyanni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi 

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kecha, 7 iyul kuni Armaniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan bilan Kremlda uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda Putin Pashinyanni parlament saylovlaridagi g‘alabasi bilan shaxsan tabriklagan.  

Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Pashinyanning g‘alabasi hamma uchun, birinchi navbatda, albatta, Armaniston uchun, arman xalqi uchun muhimdir. Putin so‘zi davomida eng muhimi xalq ishonchiga ega bo‘lish ekanligini ta’kidlagan. 

Rossiya rahbari, shuningdek, har qanday mamlakat uchun qiyin paytlarda odamlarning ishonchi keyingi rivojlanishning eng muhim sharti, degan fikrni bildirgan. 

“Men sizni bu bilan chin dildan tabriklayman”, deya qo‘shimcha qilgan Putin. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 iyun kuni Armanistonda Milliy majlisga (bir palatali parlament) muddatidan oldin saylovlar bo‘lib o‘tdi.  

Saylovlarda Armaniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyanning “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi g‘alaba qozondi, buni mamlakatdagi barcha — 2008 ta saylov uchastkalarida ovozlarni hisoblash natijalari tasdiqladi.   

Armanistonda o‘tgan yilning noyabr oyida boshlangan siyosiy inqiroz fonida Bosh vazir va parlamentda vakili bo‘lgan partiyalar rahbarlari muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga kelishib olgandi. 

Joriy yilning 10 may kuni bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘ilishda deputatlar parlamentni tarqatib yuborishni qonuniy ravishda amalga oshirish uchun zarur rasmiyatchiliklarga rioya qilgandi. Shundan so‘ng, mamlakat Prezidenti Armen Sarkisyan muddatidan oldin saylovlar kunini 20 iyunga belgilagandi. 

Ma’lumot uchun, Nikol Pashinyan 2018 yil 8 may kuni Armaniston Bosh vaziri etib saylangandi. 2018 yil 16 oktyabrda esa iste’foga chiqqan. Biroq bu rasmiyatchilik uchun amalga oshirilgandi. Shu orqali mamlakat parlamenti tarqatib yuborilgan va 2018 yil 9 dekabr kuni muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilgan. Unda Pashinyanning “Mening qadamim” bloki g‘alaba qozongandi. 2019 yil 14 yanvarda u yana Bosh vazir etib tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Putin Pashinyan

Baholaganlar

11

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing