Arman harbiylari Ozarbayjon pozitsiyalariga 12 marta o‘q uzdi – Rasmiy Baku

Olam

image

Bugun, 5 avgust kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi respublika Qurolli Kuchlarining Armaniston bilan chegarasi va Qorabog‘dagi pozitsiyalari o‘qqa tutilgani haqida xabar berdi.

“O‘tgan sutka davomida arman qurolli tuzilmalari Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini 12 marta o‘qqa tutdi”, deyiladi xabarda.

Mudofaa idorasining aniqlik kiritishicha, Ozarbayjon-Armaniston chegarasidagi Basarkechar tumanining Narimonli va Zyarkand aholi punktlari yo‘nalishida joylashgan pozitsiyalardan Ozarbayjon armiyasining Kalbajar va Lochin viloyatlaridagi pozitsiyalari uch martadan o‘qqa tutilgan.

Bundan tashqari, xabarda aytilishicha, “Rossiya tinchlikparvar kuchlari vaqtincha joylashgan Ozarbayjon hududidagi noqonuniy arman qurolli tuzilmalari a’zolari”  snayper miltiqlari va turli kalibrli o‘qotar qurollardan Ag‘dam, Xo‘javand va Xo‘jayli tumanlari yo‘nalishida Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining pozitsiyalariga to‘qqiz marta o‘q uzgan.

“Ozarbayjon armiyasining shaxsiy tarkibi va texnikalarida yo‘qotish yo‘q”, deyiladi vazirlik xabarida.

Idoraning qayd etishicha, barcha holatlarda Ozarbayjon kuchlari bo‘linmalari “adekvat javob choralarini” ko‘rgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 avgust kuni Ozarbayjon bilan to‘qnashuv chizig‘ida vaziyatning keskinlashishi oqibatida ikki nafar harbiy xizmatchi halok bo‘lgan, yana 14 nafari yaralangan.

Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Mudofaa vazirligi xabar qilishicha, ayni vaqtda vaziyat nisbatan sokinlashgan, Tog‘li Qorabog‘ kuchlari rossiyalik tinchlikparvar kuchlar bilan birga vaziyatni barqarorlashtirish ustida ish olib bormoqda. 

Ozarbayjon Mudofaa vazirligi “Qasos” amaliyoti o‘tkazilganini ma’lum qildi. Amaliyot boshlanishiga kecha Lochin viloyati yo‘nalishidagi pozitsiyalariga arman qurolli tuzilmalari o‘t ochgani sabab bo‘lgan. Hujum oqibatida bir nafar harbiy qurbon bo‘lgan.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Qorabog'

Baholaganlar

23

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing