“Arqadag‘” va  Rahmon Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi

Olam

image

Turkmaniston Xalq kengashi raisi Gurbanguli Berdimuhamedov Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi. Bu haqda "Arqadag‘"ning Dushanbega tashrifidan so‘ng “Neytral Turkmaniston” gazetasi ma’lum qildi.

Nashrning yozishicha, uchrashuv chog‘ida Berdimuhamedov mintaqaviy xavfsizlik, shuningdek, qo‘shni mintaqalar va davlatlar, xususan, Afg‘onistondagi vaziyatning barqarorlikka tahdidlariga e’tibor qaratgan.

Shuningdek, u Turkmaniston Afg‘oniston muammosini hal qilishda mintaqaviy omilni kuchaytirish muhimligini qo‘shimcha qilib, qo‘shnilar Afg‘oniston bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashi zarurligi haqida so‘z yuritgan.

Suhbat davomida, Turkmaniston elektr energiyasi va tabiiy gazini O‘zbekiston hududi orqali Tojikistonga eksport qilish masalasi ham muhokama qilingan. Muzokaralar chog‘ida transport sohasi ikki davlat sherikligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilangan. Berdimuhamedovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Tojikistondan Turkmanistonga, Kaspiy dengizi sohiliga, Eronga va undan keyin Fors ko‘rfaziga, shuningdek, Turkiyaga chiqadigan transport yo‘nalishini yaratish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish uchun barcha imkoniyatlar mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Berdimuhamedov 4 aprel kuni rasmiy tashrif bilan Dushanbega borgan edi. Tashrif arafasida Tojikistonda Turkmaniston madaniyat kunlari boshlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Gurbanguli Berdimuhamedov Dushanbe Imomali Rahmon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing