Arqadag‘ o‘g‘lidan hokimiyatni qaytarib olmoqchi – “Carnegie Politika”
Olam
−
20 aprel 2023
25858Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘tgan yili hokimiyatni o‘g‘li Serdar Berdimuhamedovga topshirgan va u yangi prezident bo‘lgan edi. Endi esa undan hokimiyatni qaytarib olmoqchi. Bu haqda Xalqaro tinchlik uchun Karnegi jamg‘armasining “Carnegie Politika” nashri xabar berdi.
Aytilishicha, hokimiyat tranzitini amalga oshirgan Gurbanguli Berdimuhamedov, “parda ortidan hukmronlik qilishni” reja qilgan. Biroq uning o‘g‘li prezident bo‘lgach, katta vakolatlarni o‘z qo‘liga olib, nufuzli qarindoshlarini ta’qib qila boshlagan. Xorijiy sheriklar ham Arqadag‘ bilan emas, balki u bilan aloqa o‘rnata boshlagan. Bundan tashqari, Serdar Berdimuhamedov lavozimga ko‘tarilishi uchun katta xizmat qilgan bir nechta vazirlarni tayinlash orqali hukumatni yangilagan.
Bunday ikki tomonlama hokimiyat iyerarxiyada chalkashliklarga olib keladi: na jamiyat, na davlat apparati mamlakatning haqiqiy rahbari kimligini tushunmaydi. Masalan, Turkmaniston rasmiylari chet el safarlarida kimni kuzatib borishi va kimga hamrohlik qilmaslik kerakligi, davlat OAVlari esa birinchi navbatda kimni ko‘rsatish haqida bosh qotirmoqda.
Bu jarayonlarning barchasiga ota haqiqiy kuchni qaytarish uchun favqulodda maxsus operatsiya bilan javob berishga qaror qildi. Mart oyi oxirida Turkmanistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi, undan ko‘zlangan maqsad esa mamlakatdagi parlamentni bir palatali qilish edi. Gurbanguli Berdimuhamedov o‘zi boshchilik qilayotgan parlamentning yuqori palatasini deyarli cheksiz vakolatlarga ega bo‘lgan milliy oliy organga aylantiruvchi islohotlarni boshladi. Endilikda uni chetlab o‘tib, hech qanday o‘zgarishlar, jumladan, kadrlar o‘zgarishini amalga oshirishning iloji bo‘lmaydi va natijada Prezident o‘z ta’siri bo‘yicha vazirlar bilan bir darajaga tushib qoladi.
Agar biron sababga ko‘ra davlat rahbari o‘z vazifalarini bajara olmasa, ular avtomatik ravishda yangi milliy yuqori palata raisiga, ya’ni Gurbanguli Berdimuhamedovga o‘tadi.
“Turkmanistonda hokimiyatning otadan o‘g‘ilga va aksincha o‘g‘ildan otaga o‘tishi haqidagi hikoya kulgili tuyulishi mumkin, ammo bu avtoritar tizimlarda tranzit jarayoni naqadar nozik ekanligiga nodir misoldir”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi