“Arqadag‘” Prezidentlikdan ketishga qaror qildi
Olam
−
12 fevral 2022
23501Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov o‘z lavozimini tark etishi mumkin. U kecha, 11 fevral kuni Ashxobodda Turkmaniston parlamentining yuqori palatasining navbatdan tashqari yig‘ilishida endilikda Xalq maslahati raisi sifatida siyosiy tajribasini mamlakat taraqqiyotiga sarflash niyatida ekanini aytdi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligi xabar berdi.
“Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida davlat boshqaruvi sari yo‘lni ma’naviy muhitda va zamonning yuksak talablari asosida tarbiyalangan yosh yetakchilarga berish kerak, degan fikrni qo‘llab-quvvatlayman. Men Xalq maslahati raisi sifatida katta hayotiy va siyosiy tajribamni bundan buyon ham shu sohaga yo‘naltirish niyatidaman”, dedi Gurbanguli Berdimuhammedov.
Yig‘ilishda u ikki yil oldin payg‘ambar Muhammad (s.a.v) yoshiga yetgant (63 yosh) va endi “o‘zi haqidagi “qiyin” qarorni qabul qilishi kerakligini aytgan.
“Ma’lumki, bundan 15 yil avval ya’ni 2007 yil 11 fevralda mamlakatimizda Turkmaniston Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tgan edi. Shundan so‘ng jonajon xalqim meni oliy davlat mansabiga sayladi va bu bilan katta ishonch bildirdi. Shu bilan birga, men Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi, Davlat xavfsizlik kengashi raisi, Turkmaniston Qurolli kuchlari oliy bosh qo‘mondoni, Turkmaniston xalq maslahati milliy kengashi raisi vazifalarini ham bajaryapman”, degan davlat rahbari.
Shuningdek, u 2012 va 2017 yilgi saylovlarda bu ishonchni yana qayta his qilganini qayd etdi va yurtdoshlarini farovon hayot, yurtining buyuk taqdiri yo‘lida bundan keyin ham bor kuch-g‘ayratini ayamasligiga ishontirdi.
Turkmaniston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq “Arqadag‘”ning o‘g‘li Sardor Berdimuhammedov prezidentlikka da’vogarlik qilishi mumkin. 2021 yilning 10 iyul kuni otasi uni Bosh vazirning moliya va iqtisod masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlagan edi.
LiveBarchasi