“Arqadag‘”ning arzandasi boshliq delegatsiya Toshkentga keladi

Jamiyat

image

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimmuhamedovning o‘g‘li, Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedov boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga keladi. Bu haqda mamlakat Prezidentining farmoyishi imzolangan, deb xabar bermoqda “Dunyo” agentligi.

Turkmaniston davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, tashrifdan maqsad Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, siyosiy va diplomatik aloqalarning asosiy yo‘nalishlari bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish, shuningdek, ishchi uchrashuv va muzokaralar o‘tkazishdan iborat.

Joriy yilning 14 yanvar kuni Turkmaniston rahbari O‘zbekiston bilan tovar ayirboshlash hajmini oshirish, shuningdek, ikki mamlakat xo‘jalik sub’ektlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklik munosabatlarini kengaytirish, qo‘shma savdo markazi – “Turkmaniston – O‘zbekiston” chegara savdo zonasini tashkil etish va uning faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlarni ratifikatsiya qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 10 yanvar kuni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sherikligining hozirgi holati va aloqalarni har tomonlama rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasida ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoniga alohida e’tibor qaratilgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Turkmaniston

Baholaganlar

480

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing