O‘zbekiston-Turkmaniston chegarasida savdo markazi quriladi
Jamiyat
−
22 iyul 2023
10239O‘zbekiston-Turkmaniston chegarasidagi savdo zonasida 2025 yilgacha cavdo markazi quriladi. Uni tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov imzoladi. Bu haqda Turkmanistonning TDH davlat axborot agentligi xabar berdi.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Turkmaniston Savdo va tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligiga Iste’molchilar jamiyatlari uyushmasi markaziy boshqarmasining ta’mirlash-qurilish bo‘limi bilan hamkorlikda hududni obodonlashtirish, tashqi ta’minot muhandislik kommunikatsiya tizimlari, elektr va suv ta’minotini yotqizish sharti bilan ushbu markazni loyihalash va qurish bo‘yicha shartnoma tuzishga ruxsat berilgan. Qurilish shu yilning iyul oyida boshlanib, 2025 yilning iyulida yakunlanishi belgilangan.
Aytish joizki, 2022 yilning oktyabr oyida “Xorazm–Toshhovuz” o‘zbek-turkman chegara savdo zonasiga tamal toshi qo‘yilgan. Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan marosimda O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Serdar Berdimuhamedov ishtirok etgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonning Xorazm viloyati va Turkmanistonning Toshhovuz viloyatiga tutash hududlarda chegara savdo zonasi tashkil etilmoqda. Hududlar o‘rtasida transchegaraviy savdoni ulgurji va chakana savdoning zamonaviy xalqaro va mintaqaviy amaliyotini hisobga olgan holda yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. 2021 yil oktyabr oyida Turkmanistonning o‘sha paytdagi Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga safari chog‘ida “Xorazm-Toshhovuz” chegara savdo zonasini ochish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
LiveBarchasi