Aripovdan keyin Komil Allamjonov ham rahbarlarga ibrat bo‘lmoqda

Jamiyat

image

Joriy yilning 19 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, kitobxonlikni targ‘ib qilish masalalari atroflicha muhokama qilingan edi.

Mamlakat rahbari yig‘ilishda aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish masalasiga alohida to‘xtalib, “Har bir rahbar o‘zining shaxsiy kutubxonasidan o‘zi ta’lim olgan maktab kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilsa, bu yaxshi tashabbus bo‘lib kitobxonlikni rivojlantirish bilan farzandlarimiz tarbiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, deb ta’kidladi.

Prezidentning ushbu tashabbusi davlat organlari, keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komil Allamjonov Noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mutaxassislarni tayyorlash kasb-hunar kolleji kutubxonasiga kitoblar jamlanmasini sovg‘a qildi.

Agentlik rahbar-xodimlari, kollej o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirda ta’lim maskani kutubxonasi 300 dan ortiq kitobga boyidi.

“Davlatimiz rahbari tomonidan o‘rtaga tashlangan bu tashabbus bevosita kelajak avlod taqdiri bilan bog‘liq. Inson qancha ko‘p kitob o‘qisa, ma’naviyati shuncha yuksaladi, dunyoqarashi, hayotga bo‘lgan munosabati o‘zgaradi. Agar kitoblarimiz sifatli, mazmunli chiqishini xohlasak, bo‘lajak noshirlarga ko‘proq kitob sovg‘a qilishimiz, ularni kitobga do‘st qilishimiz kerak”, deydi Komil Allamjonov.

Shundan so‘ng Komil Allamjonov Agentlikning Noshirlik-matbaa faoliyati sohasida mutaxassislarni tayyorlash kasb-hunar kolleji bilan tanishdi.

Aytish kerakki, ushbu ta’lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 fevraldagi Farmoniga muvofiq Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tasarrufiga o‘tkazilgan.

Hozir mamlakatimizda 1700 dan ziyod matbaa korxonasi faoliyat yuritmoqda. Kollej mazkur korxonalarga o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlarni tayyorlab beradi. Ta’lim maskanida 800 dan ortiq yigit-qiz “Matbaa ishlab chiqarish texnik-texnologi”, “Dasturiy injiniring texnigi”, “Axborot-resurs markazi kutubxonachisi”, “Hisobchi” kabi 6 yo‘nalish bo‘yicha ta’lim olmoqda.

“Ixtisosliklar va o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish zamon talabi, deb hisoblayman, chunki bizga matbaa sohasida innovatsion texnologiyalarni boshqaradigan zamonaviy mutaxassislar kerak”, deb aytib o‘tgan Agentlik rahbari.

O‘quvchilarga har tomonlama sharoit yaratish maqsadida kollej binosi, sinfxonalar, majlislar zali, tashqi sport majmuasi to‘liq ta’mirdan chiqariladi. Kollej hovlisida foydalanilmay yotgan omborxona buzilib, o‘rnida ikki qavatli trenajyor zali quriladi. Natijada nafaqat o‘quvchilar, balki yon-atrofdagi mahalla yoshlari ham shug‘ullanishi uchun imkon yaratiladi.

Qayd etilganidek, matbaa sohasidagi texnologiyalar yildan-yilga yangilanmoqda. Lekin kollejda mavjud aksariyat o‘quv qo‘llanmalar ma’nan eskirgan. Javonlarda o‘tgan asr texnikalari haqidagi kitoblar ham yo‘q emas. Shu bois ta’lim resurslarini yangilash, yangi avlod darsliklarini yaratish ustida ish boshlash lozimligi ta’kidlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Komil Allamjonov

Baholaganlar

8

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing