Aripov Pezeshkiyonga Mirziyoyevning salomini yetkazdi
Olam
−
12 may
4065Bugun, 12 may kuni rasmiy tashrif bilan Eronning Tehron shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripovni Eron Islom Respublikasi Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon qabul qildi. Bu haqda Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, dastlab, O‘zbekiston tomoni mamlakat delegatsiyasiga ko‘rsatilayotgan mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, Prezident Shavkat Mirziyoyevning yo‘llagan samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.
Uchrashuvda ikki davlat rahbarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli o‘zaro hamkorlik keng qamrovli munosabatlar darajasiga ko‘tarilgani, oliy darajada erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosi mintaqa barqarorligi uchun ham muhim ekani alohida ta’kidlangan.
Shuningdek, ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, hududlararo hamda madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Tehronga tashrif doirasida Eron innovatsiyalar va texnologiyalar uyiga ham tashrif buyurilib, energetika, tibbiyot va farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, IT, qurilish singari sohalardagi ilg‘or mahsulot va ishlanmalar bilan tanishilgan.
Shuning bilan O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Eronga tashrifi yakunlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronning Tehron shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Eron biznes forumida eronlik ishbilarmonlarga Xorazm va Samarqand viloyatlaridagi sanoat zonalari imkoniyatlaridan keng foydalanish taklif etilgan edi. Biznes forumining ochilishida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda Eronning birinchi vitse-prezidenti Muhammad Rizo Oref so‘zga chiqqan edi.
LiveBarchasi
Dollar kursi yana oshdi.
15 iyul
Moskva yana suv ostida qoldi.
15 iyul