Argentina Prezidenti 70 ming davlat xizmatchisini ishdan bo‘shatmoqchi
Olam
−
27 mart
6248Argentina Prezidenti Xaver Miley yaqin oylarda 70 ming davlat xizmatchisini ishdan bo‘shatmoqchi. Bu haqda "La Política Online" nashri xabar berdi.
“Biz 50 ming davlat xodimini ishdan bo‘shatgandik, ular bilan shartnomalar bekor qilindi. Biz yana 70 ming davlat xizmatchisini ishdan olamiz", degan Argentina Prezidenti Lotin Amerikasi iqtisodchilari forumi yopilishida.
Nashrning yozishicha, hukumat 31 martda tugaydigan o‘n minglab "keraksiz" kelishuvlardan ham qutilmoqchi.
Ma’lumot uchun, 2023 yil 27 dekabrda ham Argentina hukumati 2023 yilda ishga qabul qilingan 5 mingdan ortiq davlat xizmatchisi bilan shartnomalarni yangilamagandi. Qolganlari 90 kun davom etgan auditdan o‘tkazildi. Ushbu chora qonuniy kvota bo‘yicha ishga qabul qilingan yoki "ish uchun muhim" deb hisoblangan xodimlarga ta’sir qilmagan.
Eslatib o‘tamiz, 53 yoshli TikTok yulduzi, iqtisodchi Xaver Miley Argentina Prezidenti lavozimida ish boshlagandi. U Markaziy bankni tugatmoqchi va milliy valyuta peso o‘rniga AQSH dollaridan foydalanishni taklif qilgani bilan ko‘pchilikning e’tiboriga tushgandi.
Hatto u saylovoldi kampaniyasi davomida Rossiya, Xitoy va Braziliyaning "kommunistik" hukumatlari bilan aloqalarni uzish rejasini ham e’lon qilgan.
O‘z va’dalaridan biriga vafo qilgan Miley Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika Prezidentlariga yo‘llagan maktublarida BRICS davlatlararo assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lish taklifini rasman rad etgandi.