Argentina – Ispaniya: finalda futbol falsafalari to‘qnashuvi
Tahlil
−
19 iyul 6450 6 daqiqa
2026 yilgi Jahon chempionati tarixida ilk bor FIFA reytingidagi eng kuchli ikki terma jamoa – Argentina va Ispaniya finalda o‘zaro to‘qnash keladi. Bu nafaqat ikki grand jamoa o‘rtasidagi bahs, balki chempionlik kubogi bilan bir qatorda zamonaviy futbolning etaloni sifatida e’tirof etilish huquqi uchun ham kurash hisoblanadi.
Ushbu uchrashuv bir qator qiziqarli mikroqarshiliklarostida kechadi, har bir qarich uchun jang bo‘ladi. Xatolardan biri esa o‘yin taqdirini hal qilishi mumkin. Final oldidan ikki jamoaning o‘yin uslubi, yetakchilari va statistik ko‘rsatkichlariga nazar tashlaymiz.
Jamoalar statistikasi
Ikkala jamoa ham hujumkor futbolni afzal ko‘radi, ammo ular buni mutlaqo turlicha uslubda amalga oshiradi. Argentina terma jamoasining o‘yini Lionel Messi atrofida qurilgan. Shu bilan birga, Lautaro Martines va Xulian Alvares kabi hujumchilar ham istalgan paytda raqibni jazolashga qodir. Bu jihat ayniqsa pley-off bosqichida yaqqol namoyon bo‘ldi.
Argentina terma jamoasining asosiy xususiyati pozitsion hujum va yuqori pressing orqali ustunlik qilishidir. Ular turnirning eng xavfli hujum chizig‘iga ega jamoalaridan biri hisoblanadi va buni statistika ham tasdiqlaydi.
Argentinaliklar Jahon chempionatlarida ketma-ket 13 ta o‘yinda kamida ikkitadan gol urdi. Bu mundiallar tarixidagi eng yaxshi natija hisoblanadi. Shu tariqa ular Urugvay terma jamoasining 1930-1954 yillarda o‘rnatgan ketma-ket 11 ta o‘yinda ikki yoki undan ortiq gol urish bo‘yicha rekordini ham ortda qoldirdi. Bu nafaqat futbolchilarning yuqori mahorati, balki jamoaning hujumdagi barqarorligi va izchilligini ham ko‘rsatadi.
Ispaniya esa butunlay boshqacha uslubda harakat qiladi. Luis de la Fuente shogirdlari to‘p nazoratiga alohida ahamiyat qaratadi va ko‘p hollarda to‘pga egalik qilishni himoya vositasi sifatida qo‘llaydi.
Ispaniya hisobda oldinga chiqqanidan keyin o‘yinni nazorat qilish va raqibga tashabbusni bermaslikni juda yaxshi biladi. Ana shu xususiyat hamda mustahkam himoya chizig‘i tufayli ular turnirning eng ishonchli jamoasiga aylandi. Ispaniya mundialda hozirgacha atigi bitta gol o‘tkazib yuborgan.
Nazorat va himoya o‘rtasidagi muvozanat Ispaniyani hatto amaldagi jahon chempionlari uchun ham eng noqulay raqiblardan biriga aylantirmoqda.
Messining Yamaldan katta ustunligi
Finaldagi eng katta qiziqishlardan biri Lionel Messi va Lamin Yamal o‘rtasidagi qarama-qarshilik bo‘ladi.
Bu nafaqat “Barselona”ning sobiq yulduzi va Yevropa futbolining yangi yulduzi o‘rtasidagi raqobat, balki ikki avlod to‘qnashuvi hamdir.
Messi va Yamal joriy Jahon chempionatida 20 tadan ortiq muvaffaqiyatli dribling amalga oshirgan yagona futbolchilar hisoblanadi. Argentinalik hisobida 25 ta, ispaniyalik yosh iste’dod hisobida esa 22 ta dribling bor.
Bu ko‘rsatkichlar ikki futbolchining ham yuqori individual mahoratini ko‘rsatadi. Biroq boshqa statistikalarda Messi yosh raqibidan ancha ustun.
Lionel Messi turnirda 8 ta gol urgan bo‘lsa, Lamin Yamal hozircha bitta gol bilan cheklanib turibdi. Bundan tashqari, Messi 4 ta golli uzatma amalga oshiridi Yamal hali bunday ko‘rsatkichlarga erisha olmagan.
Qizig‘i shundaki, har ikki futbolchi ham mundialga jarohatdan keyin kelgan. Biroq Messining jarohati yengilroq bo‘lgani uchun u tezroq optimal sport formasiga qaytdi. Bu statistik farqning asosiy sabablaridan biri jamoalarning o‘yin uslubidir.
Argentinada barcha hujumlar deyarli Messi orqali tashkil qilinadi. Jamoadoshlari unga bo‘sh hudud yaratib berishadi va o‘yinni boshqarish vazifasini ham aynan Messi bajaradi.
Ispaniyada esa mas’uliyat bir futbolchiga yuklanmagan. Jamoada rollar ancha teng taqsimlangan. Shunga qaramay, turnirdagi gollarning uchdan bir qismidan ko‘prog‘ini Mikel Oyarsabal urganini ham ta’kidlash lozim.
Shu bilan birga, Ispaniyaning asosiy ustunligi hujumda emas, balki himoyada namoyon bo‘lmoqda.
Argentina va Ispaniya terma jamoalarini birlashtirib turadigan jihatlardan biri – himoyachilarning ham hujumlarda faol ishtirok etayotganidir. Argentina safida Lisandro Martines nafaqat ishonchli himoyachi, balki gol va golli uzatma muallifi sifatida ham o‘zini ko‘rsatdi.
Ispaniya terma jamoasida esa Pedro Porro ayniqsa samarali harakat qilmoqda. U turnirda ikki marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qildi. Shuningdek, har bir o‘yinda o‘rtacha 1,8 ta hal qiluvchi uzatma bilan jamoada yetakchilik qilmoqda.
Mark Kukurelya ham qanot orqali hujumlarga katta hissa qo‘shib, raqiblar uchun doimiy xavf tug‘dirmoqda. Biroq Ispaniya himoyachilarining asosiy ustunligi baribir mudofaa harakatlarida ko‘rinadi. Yarim himoya va himoya chizig‘i birgalikda juda ishonchli ishlamoqda.
Bu borada Rodrining o‘rni alohida. U raqib hujumlarini barvaqt to‘xtatib, jamoaning himoyasi bilan hujumi o‘rtasida muhim bog‘lovchi vazifasini bajaradi.
Darvozabonlar taqqoslanganda esa vaziyat ancha qiziq. Unai Simon turnirning eng yaxshi darvozaboni bo‘lish uchun asosiy nomzodlardan biri sanaladi. Biroq u ba’zi bahslarda xatolarga ham yo‘l qo‘ydi.
Emiliano Martines esa barqarorroq o‘yin ko‘rsatmoqda. Ayniqsa muhim vaziyatlarda uning xotirjamligi va ishonchli harakatlari Argentina uchun katta ustunlik bo‘lishi mumkin, ammo xatolarga yo‘l qo‘yayotgan darvozabon turnirda boryog‘i bitta gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa, o‘ziga nisbatan ishonchi yuqori va xotirjam Martines pley-offning har bir o‘yinida o‘z darvozasidan to‘p olib chiqmoqda.
Mutaxassislar fikricha, finalda qaysi jamoa g‘alaba qozonishini oldindan aytish deyarli imkonsiz. Bir tomonda – Lionel Messi boshchiligidagi kuchli hujumga ega Argentina. Ikkinchi tomonda esa to‘p nazorati va mustahkam himoyasi bilan ajralib turadigan Ispaniya.
Shubhasiz, hal qiluvchi bahs zamonaviy futbolning ikki turli falsafasi o‘rtasidagi haqiqiy to‘qnashuvga aylanadi. Bu o‘yinda har bir epizod, har bir qaror va har bir xato chempionlik taqdirini hal qilishi mumkin.
“Opta” ma’lumotlariga ko‘ra, Ispaniyaning g‘alaba qozonish ehtimoli 56,31 foizni tashkil etadi. Argentinaning bosh sovrinni qo‘lga kiritish imkoniyati esa 43,69 foiz deb baholangan. Argentina yarim finalda Angliyani 2:1 hisobida mag‘lub etib, ketma-ket ikkinchi marta Jahon chempionati finaliga yo‘l olgan edi. Ispaniya esa yarim finalda Fransiyani 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, hal qiluvchi bahsga yo‘l olgandi.
Qaysi terma jamoa chempion bo‘ladi?
Shuningdek, “Opta” superkompyuteri Jahon chempionati boshlanishidan oldin ham Ispaniyani jahon chempionligi uchun asosiy favorit sifatida ko‘rsatgan edi.
Qaysi jamoa chempionlik kubogini boshi uzra ko‘tarishidan qat’i nazar, 2026 yilgi Jahon chempionati finali futbol muxlislariga uzoq yillar esda qoladigan to‘qnashuvni taqdim etishi kutilmoqda. Bir tomonda – Lionel Messi yetakchiligidagi hujumkor va tajribali Argentina, ikkinchi tomonda esa Luis de la Fuente boshchiligidagi intizomli va muvozanatli Ispaniya. Har ikki jamoa turnir davomida o‘zining eng yaxshi fazilatlarini namoyon etdi va finalga munosib ravishda yetib keldi.
Hal qiluvchi bahsda taktik qarorlar, yetakchilarning individual mahorati va mayda detallar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham bu final nafaqat yangi jahon chempionlari nomini aniqlaydi, balki zamonaviy futbolda qaysi o‘yin falsafasi ustun kelayotganiga ham javob beradi.