Argentina Infantinoni qo‘llab-quvvatladi
Sport
−
10:43 365 2 daqiqa
Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) FIFA prezidenti Janni Infantinoni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan rasmiy bayonotni e’lon qildi. Bu haqda assotsiatsiya matbuot xizmati xabar berdi.
Bayonotda so‘nggi o‘n yil davomida Infantino rahbarligi ostida futbolni rivojlantirish, institutsional tizimni mustahkamlash hamda aniq, barqaror va shaffof boshqaruv modelini yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilgan ishlar yuqori baholangan.
“Argentina futbol assotsiatsiyasi (AFA) va uning Ijroiya qo‘mitasi nomidan sizga hamda siz orqali FIFA rahbariyatiga murojaat qilib, so‘nggi o‘n yil ichida siz boshchiligingizda amalga oshirilgan ishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlashimizni bildiramiz. Bu faoliyatning asosiy maqsadi butun dunyoda futbolni rivojlantirish va shaffof hamda barqaror boshqaruv tizimini shakllantirish bo‘ldi”, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, AFA so‘nggi paytlarda keng jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lgan loyihadan FIFA ma’muriyatining voz kechish qarorini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Assotsiatsiya ushbu tashabbus boshidanoq futbol hamjamiyatida ishonchdan ko‘ra ko‘proq savol va noaniqliklarni keltirib chiqarganini ta’kidlagan.
Bayonotda FIFA tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolar tan olingani va 211 a’zo federatsiyaga yuborilgan rasmiy uzr muhim qadam sifatida baholangan. Qayd etilishicha, boshqaruv tamoyillariga qat’iy amal qilish FIFA, konfederatsiyalar va milliy federatsiyalar o‘rtasidagi ishonchni yanada mustahkamlaydi.
AFA, shuningdek, Infantino rahbarligi davrida FIFA barcha a’zo federatsiyalar uchun yanada ochiq tashkilotga aylanganini, halol va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot orqali futbolni barcha darajalarda rivojlantirish imkoniyati kengayganini qayd etgan.
Bayonot yakunida Argentina futbol assotsiatsiyasi yaqinlashayotgan FIFA Kongressi arafasida Janni Infantino rahbarligida futbolni yanada takomillashtirish, uni yanada adolatli va inklyuziv qilish yo‘li davom ettirilishiga qat’iy ishonishi bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, FIFA avvalroq Jahon chempionati huquqlarining bir qismini sotish rejalari bilan bog‘liq holat yuzasidan rasman uzr so‘ragan edi.
Live
BarchasiQo‘yliqda ham yong‘in sodir bo‘ldi
06 avgust