Argentina dollarga o‘tish orqali suverenitetini boy beradi – Putin
Olam
−
15 dekabr 2023
9653Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Argentinaning yangi rahbari Xaver Mileyning milliy valyutadan voz kechib, AQSH dollariga o‘tish qaroriga izoh berdi. Bu haqda u kecha, 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
"Argentinaning yangi saylangan Prezidentining dollarga o‘tish g‘oyasi barchaga ma’lum. Bu ularning tanlovi. Argentinada inflyatsiya 145 foiz ekanini ham unutmaslik kerak. Ayni paytda davlat kattagina qarzlarini qaytarish muammosiga duch kelgan", degan Rossiya yetakchisi.
Putin bu taklifni bir tomondan to‘g‘ri tushunish mumkinligini, biroq ushbu holatda mamlakat suvereniteti xavf ostida qolishini aytgan.
"Dollarga bog‘lanib qolish ko‘plab ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni yuzaga keltiradi", degan u.
Qayd etish joizki, dollarizatsiya – Mileyning asosiy takliflaridan biri bo‘lib, maqsad inflyatsiyani jilovlash va Argentina iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashdir. Chunki Argentinani allaqachon inflyatsiya va yuqori qarzdorlik qamrab olgan. Yangi saylangan rahbarning fikriga ko‘ra, AQSH dollarini qabul qilish pul-kredit siyosatini Argentina markaziy bankidan uzoqlashtiradi va AQSH Federal zaxira tizimiga o‘tkazadi.
Rossiya matbuotida Argentinaning siyosati Moskva tomonidan ilgari surilgan va boshqa ko‘plab rivojlanayotgan iqtisodiyotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan hamda Ukraina bilan bog‘liq sanksiyalar qo‘yilganidan keyin kuchayib borayotgan dollardan voz kechish tendensiyasiga zid ekaniga urg‘u berilgan.
G‘arb moliya bozorlaridan samarali ravishda ajratib turuvchi cheklovlarga javoban Rossiya va uning BRICS'ga a’zo mamlakatlar guruhidagi yetakchi savdo hamkorlari o‘zaro oldi-berdida milliy valyutalarga o‘tishni boshlagan.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, Mileyning pesodan voz kechish yoki milliy valyutani dollarga bog‘lash rejasi ham ijtimoiy beqarorlikka olib kelishi mumkin.
"Pul seniki bo‘lmagach, uni sen chop eta olmaysan. Oqibatda ijtimoiy himoyaga, tibbiyotga, maoshlarga ajratiladigan pul keskin kamaytirilishi kerak.
Biz 2021 yil eksport savdolarida 87 foiz xorijiy valyuta – dollar va yevrodan foydalanardik. Rubl hajmi 11-13 foiz, yuan esa 0,4 foiz atrofida edi. Bu yil sentyabrdagi savdolarda rubl 40 foiz, yuan 33 foiz, yevro va dollar 24 foizga teng bo‘ldi. Bu yaxshi, milliy valyutadan foydalanish orqali o‘z suverenitetimizni mustahkamlayapmiz", degan Putin.
Ma’lumot uchun, Argentina 2024 yil 1 yanvarda Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrikadan iborat BRICSga qo‘shilishi rejalashtirilgan edi, ammo yangi hukumat bu qarorni bekor qildi. Argentinaning yangi hukumati shu hafta boshida "iqtisodiy shok terapiyasi", ya’ni pesoning keskin devalvatsiyasi siyosati boshlanganini e’lon qildi.
LiveBarchasi