Arab Ligasi va IHT Isroilni bosib olingan hududlardan chiqib ketishga chaqirdi
Olam
−
12 noyabr
6236Arab davlatlari ligasi va Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar Isroilni G‘azo sektori, G‘arbiy Sohil, Sharqiy Quddus va Golan tepaliklaridan chiqib ketishga chaqirdi. Bu haqda kecha, 11 noyabr kuni Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan sammit yakuni bo‘yicha qabul qilingan rezolyutsiyada so‘z boradi.
Bildirilishicha, bunday harakat mintaqada “adolatli va keng qamrovli tinchlik” o‘rnatilishiga hissa qo‘shadi. Sammit ishtirokchilari 1967 yil 4 iyun holatiga ko‘ra chegaralarni hurmat qilish muhimligini ta’kidladi.
Yakuniy hujjat, shuningdek, Falastin hududlari – G‘azo sektori va G‘arbiy Sohilni poytaxti Sharqiy Quddusda joylashgan yagona Falastin davlatiga birlashtirishga chaqiradi. Bundan tashqari, Arab Ligasi va IHT davlatlari rahbarlari xalqaro hamjamiyatni Isroilga qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar eksportini taqiqlashga chaqirdi.
Qayd etish joizki, Arab Davlatlari Ligasi va Islom Hamkorlik Tashkilotiga Isroil davlatini tan oladigan davlatlar ham, uning mintaqaviy integratsiyasini qat’iyan rad etuvchi davlatlar ham kiradi. Sammit Yaqin Sharqdagi vaziyatning yomonlashuvi fonida Ar-Riyod tomonidan tashkil etilgan.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Golan tepaliklari ham o‘n yillar davomida Yaqin Sharqdagi bahsli hudud bo‘lib qolmoqda. Isroil 1967 yilda arab davlatlari koalitsiyasiga qarshi Olti kunlik urush paytida Golan tepaliklarining muhim qismini egallab oldi va 1981 yilda uni anneksiya qildi. AQSH 2019 yilda Golan tepaliklari ustidan Isroil suverenitetini tan olgan yagona davlatga aylandi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 noyabr kuni navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq so‘zlagani xabar qilingandi.