Arab davlatlari HAMASni G‘azoda hokimyatdan ketishga chaqirdi

Olam

image

Misr, Qatar, Saudiya Arabistoni va Iordaniya HAMASning G‘azo sektoridagi hukmronligini to‘xtatishga chaqiruvchi hujjatni imzoladi. Bu haqda kecha, 29 iyul kuni o‘z qo‘lidagi hujjatga tayanib, DPA xabar berdi. 

Bildirilishicha, hujjatni Buyuk Britaniya, Fransiya, Kanada, Braziliya, Italiya, Ispaniya, Norvegiya va Irlandiya ham imzolagan. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, Germaniya yangilik e’lon qilingan paytda ushbu chaqiriqni qo‘llab-quvvatlagan davlatlar qatoriga kirmagan.

Yaqin Sharqdagi mojaroga barham berish uchun aniq qadamlar qo‘yishga chaqiruvchi yetti sahifalik hujjatda HAMAS anklavdagi hukmronligini to‘xtatib, xalqaro ko‘mak bilan qurollarni Falastin ma’muriyatiga topshirishi kerakligi ta’kidlangan. Bundan tashqari, hujjat Falastin guruhining 2023 yil 7 oktyabrda Isroilga uyushtirgan teraktini qoralaydi.

Agentlikning tushuntirishicha, Nyu-Yorkdagi ikki davlat yechimi bo‘yicha konferensiya davomida imzolangan hujjat sentyabrgacha BMT tomonidan rasman qabul qilinishi kerak. Ungacha yana bir qancha davlatlar uni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda.

Hujjatda Isroil tomoniga ham talablar bor. Xususan, imzo chekkanlar yahudiy davlatidan G‘azo sektoridagi janglarni zudlik bilan to‘xtatishni va G‘arbiy Sohildagi yahudiy ko‘chmanchilar faoliyatini to‘xtatishni talab qilmoqda.

Hujjatni imzolagan davlatlarga ko‘ra, Falastin davlatining tan olinishi ham “ikki davlat qarorining muhim va ajralmas qismidir”.

Eslatib o‘tamiz, 28 iyul kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Fransiya va Saudiya Arabistoni qo‘shma raisligida Falastin masalasini tinch yo‘l bilan hal qilish va “Ikki davlat yechimi”ni amalga oshirish bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya ochilgandi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish yig‘ilishda dunyo og‘ir damni boshdan kechirayotgani va ikki davlatning paydo bo‘lishi “hech qachon bunchalik uzoq” bo‘lmaganini qayd etdi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Isroil G'azo HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing