Ar-Riyoddagi uchrashuv Ukraina muzokaralari emas – AQSH
Olam
−
18 fevral
4665AQSH ma’muriyati Rossiya delegatsiyasi bilan Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda bo‘lib o‘tgan uchrashuvni Ukraina bo‘yicha “muzokaralar” boshlanishi sifatida emas, balki Prezidentlar Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi telefon suhbatining davomi sifatida baholamoqda. Bu haqda kecha, 17 fevral kuni AQSH Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus ma’lum qildi.
“Menimcha, odamlar buni tafsilotlar yoki muzokaralardagi taraqqiyot bilan bog‘liq narsa sifatida ko‘rishlari kerak emas”, deydi Bryus.
Rossiya delegatsiyasi a’zosi, Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov ham xuddi shunday fikrni bildirgan. Unga ko‘ra, Saudiya Arabistonida Rossiya va AQSH delegatsiyalari Ukraina bo‘yicha muzokaralarni qanday boshlashni muhokama qiladi.
“Endi savol Ukraina bo‘yicha muzokaralarni qanday boshlash bo‘yicha kelishib olishda, chunki Amerika tomoni hali biz bilan ishlay oladigan bosh muzokarachini tayinlagani yo‘q. Munosabatlarni normallashtirish masalalarini muhokama qilish, Ukrainada mumkin bo‘lgan muzokaralarni boshlash masalalarini muhokama qilish va eng yuqori darajadagi aloqalar istiqbollarini muhokama qilish - bu uchta vazifa”, deb tushuntirdi Ushakov.
Bugun, 18 fevraldagi muzokaralarda Ushakovdan tashqari Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham ishtirok etadi. TASS'ning yozishicha, muloqotga Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev ham qo‘shilishi mumkin.
Amerika delegatsiyasi tarkibiga Davlat kotibi Marko Rubio, AQSH Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts va Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus elchi Stiv Uitkoff kiradi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Saudiya Arabistonidagi Ukraina vakillari AQSH va Rossiya delegatsiyalarining uchrashuvida ishtirok etmasligini tasdiqladi.
Bir kun avval Ukraina hukumati delegatsiyasi Zelenskiyning tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish uchun Saudiya Arabistoniga amaliy tashrif bilan kelgan edi.
O‘z navbatida, Yevropa davlatlarining davlat va hukumat rahbarlari Ukraina bo‘yicha yagona pozitsiyani ishlab chiqish uchun Parijda uchrashdi.
Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Yevropa shu tariqa o‘z harakatlarini muvofiqlashtirayotganini va shundan so‘ng Ukrainadagi mojaroni hal qilishda yagona yondashuvni qo‘llashini tushuntirdi.
LiveBarchasi