Saudiya va Turkiya Eronga “nasihat qildi”
Olam
−
19 iyul 2023 11177 2 daqiqa
Saudiya Arabistoni va Turkiya Eronni yadro dasturining tinch xarakterini ta’minlashga, shuningdek, Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) bilan hamkorlikni davom ettirishga chaqirdi. Bu haqda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning Saudiya Arabistoniga tashrifi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda so‘z borgan.
“Tomonlar Eronning yadroviy dasturining tinch xarakteriga sodiqligi va Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan shaffof hamkorlik qilishi muhimligi, shuningdek, mintaqa davlatlari ishtirokida keng qamrovli muzokaralar olib borish, xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid soluvchi manbalarni bartaraf etish zarurligiga ishora qilgan.
Turkiya Prezidenti Saudiya Arabistoniga joriy yilning 17 iyul kuni kechqurun Fors ko‘rfaziga uch kunlik safari doirasida bordi. Tashrif yakunlari bo‘yicha Ar-Riyod va Anqara o‘rtasida energiya sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi, shuningdek, mudofaa sanoati sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan harakat rejasi imzolandi. Bundan tashqari, Qirollik Mudofaa vazirligi “Bayraktar” uchuvchisiz uchish apparatlarini ishlab chiqaruvchi Turkiyaning “Baykar” kompaniyasi bilan ikkita shartnoma imzoladi.
2015 yilda BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi va Germaniya Tehronning yadroviy rivojlanishi bilan bog‘liq inqirozni bartaraf etishga qaratilgan Eron bilan Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini imzolagan edi. AQSHning avvalgi Prezidenti Donald Tramp 2018 yilda ushbu kelishuvdan chiqishga qaror qilgan edi. Amerika ma’muriyatining amaldagi rahbari Jo Bayden Vashingtonni yadroviy kelishuvga qaytarishga tayyorligini bir necha bor bildirgan.
2021 yil aprel oyidan beri Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Xitoy, AQSH va Fransiya Venada Eron bilan Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini asl ko‘rinishida tiklash bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. 2022 yil 10 noyabr kuni Xalqaro atom energiyasi agentligi Bosh direktori Rafael Grossi Avstriya poytaxtida Islom Respublikasi vakillari bilan muzokaralarning navbatdagi raundi hech qanday natijasiz yakunlanganini aytdi.
Live
Barchasi