O‘zbekiston parlamenti koronavirus sabab majlislarini to‘xtatdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi mamlakatga kirib kelgan koronavirus bilan bog‘liq vaziyat sababli vaqtinchalik majlislar o‘tkazishni to‘xtatdi.

“Ayni paytda Hukumat tomonidan mamlakatimizda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha qator chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Deputatlar ham ushbu sa’y-harakatlarni to‘la qo‘llab-quvvatlagan holda tadbirlar o‘tkazilishini vaqtincha to‘xtatdi”, deyiladi quyi palatasi rasmiy saytidagi xabarda.

Qayd etilishicha, qonun loyihalari ustida ishlar va muhokamalar onlayn tarzda olib borilyapti.

“Qonunchilik palatasida ish to‘xtab qolgani yo‘q, aksincha faoliyat qizg‘in davom etyapti. Siyosiy partiyalarning parlament quyi palatasidagi fraksiyalari, qo‘mitalar zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda mavjud qonun loyihalari ustida ishlayapti. Qonun loyihalaridagi ko‘p masalalar Telegram kanali orqali onlayn muhokama qilinmoqda. Shu bilan birga, dolzarb qonun loyihalarining mazmun-mohiyati, ahamiyatini jamoatchilikka yetkazish maqsadida ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda deputatlar chiqishlari muntazam tashkil etilyapti”, deyiladi bayonotda.

Joriy yil 7 aprel kuni Qonunchilik palatasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan “Hukumat soati”ni ham vaziyatdan kelib chiqib, o‘tkazmaslikka qaror qilingan.

Shu bilan birga, har bitta fraksiyadan deputat imzosi bilan Bandlik va mehnat munosabatlari vaziriga deputat so‘rovi jo‘natilmoqda.

“Ayni paytda quyi palataga kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlar asosida vazirlikka savollar yo‘llanyapti. Masalan, hozirgi vaqtda ko‘p joylarda, ya’ni mehnat faoliyatini olib borayotgan yosh bolasi bor xodimlarga kasallik varaqasi ochilishi tartibi, ularni o‘z hisobidan ta’tilga chiqarib yuborishga yo‘l qo‘ymaslik (ayni paytda bu holat kuzatilayotgani achinarli), shuningdek, yosh bolali ayollarning mehnat huquqlarini himoya qilish, ular uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rganish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilayotgani kabi masalalar shular jumlasidan”, deya ta’kidlangan.

Deputatlarning qayd etishicha, fuqarolar hozirgi sharoitda ziyon ko‘rmasliklari, aksincha, ularning mehnatga oid huquqlari ta’minlanishi kerak.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi koronavirus

Baholaganlar

24

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing