Apreldan qurilishda davlat nazorati mexanizmi o‘zgaradi

Jamiyat

image

Joriy yilning 1 aprelidan boshlab O‘zbekistonda qurilish nazorati mexanizmlari o‘zgaradi. Bu Prezidentning 2020 yil 5 fevraldagi qarorida nazarda tutilgan.

2020 yilning 1 aprelidan boshlab qurilish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash ob’ektlari uchun xavf-xatarlar toifalari va ob’ektlarning funksional maqsadlaridan kelib chiqqan holda davlat qurilish nazoratining takomillashgan tartibi joriy etiladi. U quyidagilarga asoslanadi:

•    ob’ektlarning loyiha hujjatlarini ekspertiza qilishga, ob’ektlarda davlat qurilish nazoratini amalga oshirish tartibi va davriyligiga qo‘yiladigan tabaqalashgan talablarni ularning xavf-xatarlar toifasi va funksional maqsadlaridan kelib chiqqan holda belgilash;

•    xavf-xatar toifasi past va yakka tartibdagi uy-joy qurilishi ob’ektlari uchun loyiha hujjatlari ekspertizasi, mualliflik nazorati va davlat qurilish nazoratini amalga oshirish bo‘yicha majburiy talablarni bekor qilish. Buning o‘rniga Qurilish vazirligining hududiy bo‘linmalari qoshidagi qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalari tomonidan ob’ektning qurilish sohasiga oid qonun hujjatlari talablariga muvofiqligini instrumental texnik tekshiruvdan o‘tkazishni joriy qilinadi;

•    Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalar inspektorlariga, shuningdek, xavf-xatar toifasi yuqori bo‘lgan ob’ektlarda texnik va mualliflik nazoratini amalga oshiruvchi shaxslarga qo‘yiladigan malakaviy talablar va ularning javobgarligini kuchaytirish;

•    2020 yil davomida “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida davlat qurilish nazoratini amalga oshirish doirasida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini, shu jumladan, elektron hujjat almashinuvini bosqichma-bosqich joriy etish. “Qurilishdagi nazorat” quyi tizimi 2020 yil 1 iyundan boshlab Toshkent shahrida sinov tariqasida ishga tushiriladi.

Ob’ektlarda davlat qurilish nazoratini amalga oshirish bo‘yicha ma’muriy reglament ikki oy muddatda Hukumatga kiritilishi kerak.

Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalarga davlat qurilish nazoratini amalga oshirish doirasida keng vakolatlar berildi. Ular quyidagilarga haqli:

•    bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligiga ta’sir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi konstruktiv huquqbuzarliklar aniqlangan holatlarda qurilish-montaj ishlarini to‘xtatib turish va demontaj ishlarini amalga oshirishni talab qilish;

•    yuridik va jismoniy shaxslarga ob’ektdagi huquqbuzarliklarni bartaraf qilish uchun mos ravishda, biroq 60 kundan ortiq bo‘lmagan muddatni belgilagan holda, aniqlangan huquqbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish;

•    loyihalashtirish va qurilish sohasida faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalar va ruxsat beruvchi hujjatlarni to‘xtatib turish, tugatish va bekor qilish masalalarini hal qilish yuzasidan tegishli organlar va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborish;

•    ob’ektlarda bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligiga ta’sir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi sifatsiz qurilish materiallari va buyumlar qo‘llanilgani aniqlangan hollarda, qurilish materiallari va buyumlar ishlab chiqarish, sotish va qo‘llashni to‘xtatib turish haqida tegishli organ va tashkilotlarga taqdimnomalar yuborish.

Bunda Inspeksiyaning maqomi oshirildi. Endi bu davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs – respublika davlat boshqaruvi organi, o‘z faoliyatida Qurilish vazirligiga hisobdor bo‘ladi. Uning tuzilmasida Komplayens xizmati tashkil qilinadi, hududiy inspeksiyalar tuzilmasiga komplayens-nazorat bo‘yicha mutaxassis lavozimi kiritiladi. Xizmat va mutaxassislar bevosita Inspeksiya boshlig‘iga bo‘ysunadi.

2020 yil 1 martdan boshlab Inspeksiya xodimlari mehnatiga haq to‘lash miqdorlari 1,4 barobarga oshiriladi. 1 iyuldan boshlab esa Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar boshliqlari  shaharsozlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishiga oid ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishni boshlaydi. Huquqbuzar tomonidan huquqbuzarlik faktiga e’tiroz bildirilgan hollarda ishni ko‘rib chiqish uchun sudga taqdim etish tartibi saqlab qolinadi.

Shu bilan bir qatorda quyidagi chora-tadbirlar ham nazarda tutilgan:

birinchidan:

a) 2020 yil 1 martdan boshlab byudjet tizimidagi byudjet mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan ob’ektlardan tashqari kapital ta’mirlash ob’ektlarida davlat qurilish nazoratini amalga oshirish bo‘yicha talablar;

b) Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar tomonidan qurilishi tugallangan ob’ektlardan foydalanishga ruxsat berish tartibini joriy qilgan holda, ularni foydalanishga qabul qilish bo‘yicha mavjud tartib-taomillar quyidagi muddatlarda bosqichma-bosqich bekor qilish:

•    moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar xavf-xatar toifasi past ob’ektlar uchun – 2020 yil 1 maydan;
•    davlat xaridlari sub’ektlarining mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan ob’ektlar uchun – 2022 yil 1 yanvardan;
•    boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan ob’ektlar uchun –2021 yil 1 yanvardan.

Ob’ektlarni foydalanishga qabul qilish uchun ruxsatnomalar berish tartibi tatbiq qilinguniga qadar Inspeksiya va hududiy inspeksiyalar qurilishi tugallangan ob’ektlarni (davlat xaridlari sub’ektlarining mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan ob’ektlardan tashqari) foydalanishga qabul qilish jarayoniga davlat sanitariya nazorati va davlat yong‘in nazorati hududiy organlarini jalb qiladi. Ular ob’ektlarni qabul qilish muddatlari doirasida ob’ektning sanitariya normalari va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi to‘g‘risida o‘z xulosalarini taqdim etadi.

ikkinchidan, 2020 yil 1 apreldan boshlab davlat qurilish nazorati amalga oshirilishi shart bo‘lgan barcha ob’ektlar bo‘yicha hududiy inspeksiyalarga ajratmalar qurilish-montaj ishlari qiymatining 0,2 foiziga teng yagona miqdor  (QQSsiz) joriy etiladi va quyidagi tartibda taqsimlanadi:

•    0,02 foizi Qurilish vazirligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga, shu jumladan, 0,01 foizi – Inspeksiya va uning hududiy inspeksiyalari ehtiyojlarini moliyalashtirishga yo‘naltiriladi;
•    0,18 foizi hududiy inspeksiyalar ixtiyorida qoldiriladi.

Ob’ektlar konstruksiyalari, qurilish materiallari va buyumlarini xalqaro standartlarga muvofiq to‘laqonli sinovdan o‘tkazishni amalga oshirish uchun Kompleks qurilish sinov laboratoriyasi tashkil etiladi. 2020 yilda buning uchun Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasidan 20 mlrd so‘m (undan ko‘p bo‘lmagan miqdorda) ajratiladi, yetmaydigan qismi uchun Qurilish vazirligi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘laridan foydalaniladi.


Maqola muallifi

Teglar

qurilish nazorat

Baholaganlar

29

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing