Qozog‘istonda migratsiya ustidan nazorat kuchaytiriladi
Olam
−
20 Sentabr
3306Qozog‘iston mamlakatning migratsiya qonunchiligini buzgan xorijliklarni chiqarib yuborish qoidalarini soddalashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda IIV Migratsiya politsiyasi qo‘mitasi raisi Aslan Atalikov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda migratsiya nazoratini kuchaytirishga qaratilgan yangi tuzatishlar paketini ishlab chiqish masalasi muhokama qilinmoqda.
“Biz xorijliklarni ro‘yxatga olish institutini qaytarish masalasini ko‘rib chiqyapmiz. Bu mamlakatda 30 kungacha muddatda qoluvchi sayyohlarga emas, balki 1 oydan ortiq yashash niyatidagilarga tegishli bo‘ladi. Axborot texnologiyalaridan foydalangan holda, ortiqcha byurokratiyasiz xorijliklarni ro‘yxatga olishning soddalashtirilgan mexanizmi va tartibini ishlab chiqish, soxta ro‘yxatga olish uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan tuzatishlar tayyorlanmoqda”, dedi Aslan Atalikov.
Qayd etilishicha, Ichki ishlar vazirligi ushbu chora-tadbirlar migratsiya nazoratini takomillashtirishning samarali vositalarini yaratishiga ishonch bildirgan.
“Bundan tashqari, biz chet elliklarni deportatsiya qilishning amaldagi tartibini qayta ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqdamiz. Bugungi kunda bu juda murakkab. Yangi deportatsiya institutini joriy etish belgilangan. Bu migratsiya qonunchiligini buzuvchilarga Qozog‘istondan tezroq chiqib ketishga imkon beradi", dedi qo‘mita rahbari.
U may oyida chet elliklarning huquqiy maqomi to‘g‘risidagi 7 ta kodeks va 13 ta qonunga o‘zgartirishlar kiritilganini ham ta’kidlagan. Ular asosida, Qozog‘istonga kirishni taqiqlash, ilgari bolalarga nisbatan jinsiy xarakterdagi jinoyatlar sodir etgan shaxslarga fuqarolik berishdan bosh tortish, ekstremistik va terrorchilik faoliyati bilan shug‘ullangan xorijliklarning kirishini ham taqiqlovchi standartlar joriy etilgan.
Bunday sabablarga ko‘ra, chet elliklarga mamlakatga kirish, sababini tushuntirmasdan doimiy yashash uchun ruxsat berish rad etiladi. Agar ushbu jinoyatlar keyinchalik ular tomonidan sodir etilsa, berilgan ruxsatnomalar bekor qilinadi.
LiveBarchasi