Apple imkoniyati cheklanganlar uchun yangi dastur yaratmoqda
Texnologiya
−
19 may 2023
4840Apple nogironligi bo‘lgan foydalanuvchilarga mo‘ljallangan bir qator texnologik yechimlarni e’lon qildi. Bu xaqda kompaniya o‘zining saytida xabar berdi.
Dastur joriy yilning so‘ngiga qadar iPhone, iPad va Mac qurilmalarida paydo bo‘ladi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, ular ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsonlari bo‘lgan odamlarning fikr-mulohazalarini hisobga olgan holda bu ishga qo‘l urgan.
Tez orada iOS va iPadOS operatsion sistemasida paydo bo‘ladigan “Assistive Access” tizimi kognitiv nogironligi bo‘lgan odamlar uchun mo‘ljallangan. Funksiya iPhone va iPad interfeysini qayta loyihalashtirib, asosiy e’tibor yaqinlar bilan telefonda qulayroq bog‘lanish, suratlar almashish va musiqa tinglashni osonlashtirishga qaratilgan. Masalan, unda “Telefon” belgisi va “FaceTime” ilovalari bitta qilib umumlashtirilgan. Piktogramma dizayni kattaroq qilinib, kontrasti oshirilgan va aniqroq matn yorliqlarini kiritish bilan soddalashtirilgan. Bu ko‘rinish esa xuddi qariyalar ko‘proq foydalanadigan kichkina va qulay telefonni eslatadi. Foydalanuvchi ushbu vizual xususiyatlarni o‘z xohishiga ko‘ra sozlashi va uni har qanday mos keladigan ilovaga qo‘llashi mumkin.
Shuningdek ko‘rish imkoniyati cheklangan insonlar Lupa belgisi orqali yaqin atrofdagi eshiklar, odamlar yoki belgilarni aniqlash imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, Apple qurilma kamerasi va LiDAR skaneridan foydalangan holda, ko‘rish qobiliyati past odamlarga matn va jismoniy ob’ektlar bilan muloqot qilishda yordam beradigan “Point and Speak” funksiyasini joriy qiladi. Natijada agar ko‘zi ojiz foydalanuvchi ovqatni mikroto‘lqinli pechda isitmoqchi bo‘lsa, u popkorn, pitssa va quvvat tugmalarini farqlash uchun ushbu funksiyadan foydalanishi mumkin. Bu holatda qurilma matnni aniqlaganda uni ovoz chiqarib o‘qiydi. Funksiya ingliz, fransuz, italyan, nemis, ispan, portugal, xitoy, koreys, yapon va ukrain tillarida taqdim etiladi.
Ushbu yangilikning yana bir ahamiyatli tarafi uning foydalanuvchi tovushiga o‘xshash shaxsiy ovoz yaratish imkoniga ega ekanligidir. Asbob amiotrofik skleroz kabi kasalliklar tufayli gapirish qobiliyatini yo‘qotish xavfi ostida bo‘lishi mumkin bo‘lgan odamlar uchun mo‘ljallangan. Shaxsiy ovozni yaratish uchun foydalanuvchi smartfon yoki kompyuter mikrofonida tasodifiy tanlangan matnni o‘qishga taxminan o‘n besh daqiqa sarflashi kerak. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, foydalanuvchi ovozli ma’lumotlari hech qachon uchinchi shaxslarga, hatto Apple’ning o‘ziga ham berilmaydi. Ammo shaxsiy ovoz faqat ingliz tilida so‘zlashadigan foydalanuvchilar uchun mavjud bo‘ladi.
Nutqda nuqsoni bo‘lgan odamlar uchun kompaniya klaviaturada yozilgan matnni ovoz chiqarib aytish imkonini beruvchi Live Speech funksiyasini taqdim etadi. Bundan tashqari, agar foydalanuvchilar tez-tez bir xil iboralarni takrorlashlari kerak bo‘lsa, masalan, odatdagidek qahva buyurtma qilmoqchi bo‘lsa, dasturda oldindan o‘rnatilgan iboralarni saqlashi mumkin. Apple kompaniyasi mavjud nutqni matnga aylantirish vositalarini ham yangilamoqda. Endi tovushli boshqaruv funksiyasi fonetik matnni tahrirlashni xam o‘z ichiga oladi, bu esa ovozli xabar jo‘natgan foydalanuvchiga xatolarni tezda tuzatish imkonini beradi. Funksiya ingliz, ispan, fransuz va nemis tillarida taqdim etiladi.
Yangi funksiyalar shu yil oxirida Apple’ning turli qurilmalariga joriy etilishi kutilmoqda. Shuningdek, mavjud takliflar nuqtai nazaridan, kompaniya Germaniya, Italiya, Ispaniya va Janubiy Koreyada SignTime’dan foydalanish imkoniyatini kengaytirmoqda. Bu xususiyat foydalanuvchilarga imo-ishora tilini tarjima qilish vositalarini taklif etadi.
Sevara Azimova
LiveBarchasi