Apple eng arzon iPhone 17 modelini taqdim etdi (video)

Texnologiya

image

Bugun, 2 mart kuni Apple kompaniyasi 17-avloddagi eng arzon smartfon – iPhone 17e chiqqanini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya saytida xabar berildi.

Qayd etilishicha, gadjet A19 protsessori va kompaniyaning o‘z ishlanmasi bo‘lgan yangi C1X modemi bilan jihozlangan. Ushbu modem 16 Pro modelidagiga qaraganda 30 foiz samaraliroq ishlaydi.

Ishlab chiqaruvchi quvvatlash tezligi sezilarli darajada oshishini va’da qilmoqda, garchi iPhone 17e modeli MagSafe’ning 25 vattli to‘liq quvvatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lmasa-da. Yangi hamyonbop model faqat 15 vatt quvvatni qabul qila oladi, biroq bu iPhone 16e imkoniyatidan ikki baravar ko‘p degani.

Shuningdek, iPhone 17e Ceramic Shield 2 ekrani bilan jihozlangan. Apple’ning bildirishicha, uning tirnalishga chidamliligi uch baravarga oshgan. Bundan tashqari, yangi smartfon yaxshilangan portret rejimi funksiyalariga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, qurilmaning old va orqa tomonida faqat bittadan kamera bor. Orqa panelda joylashgan kamera 48 megapiksel.

Apple’ning yangi smartfoni kengaytirilgan ranglar gammasini ham olgan. Agar ishlab chiqarishdan to‘xtatilgan uning mantiqiy “ajdodi” – iPhone 16e faqat oq va qora ranglarda taqdim etilgan bo‘lsa, 17e modeli och pushti rangda ham sotuvga chiqadi.

iPhone 17e narxi 599 dollardan boshlanadi. O‘tgan yili iPhone 16e ham xuddi shu narxda sotilgan edi, biroq uning xotirasi ikki baravar kam edi – iPhone 17e’da 256 gigabayt.

Eslatib o‘tamiz, iPhone 17 va uning ikki versiyasi – Air hamda Pro taqdimoti o‘tgan yilning sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan edi. iPhone 17 narxi 799 dollardan, Air modeli kamida 999 dollardan, Pro esa 1099 dollardan boshlangan.


Maqola muallifi

Teglar

iPhone Apple iPhone 17e

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing