Apellyatsiya shikoyati qanday topshiriladi?
Jamiyat
−
26 Sentabr 2020
11370Xabaringiz bor, joriy yilning 25 sentyabr kuni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun o‘tkazilgan test sinovlari natijasi e’lon qilindi. Ammo imtihonlar natijasi barcha abituriyentlarni ham birdek qoniktirmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ba’zi javoblar varaqasi ham natijalardan shubhalanishga asos bo‘layotgan bo‘lsa, ne ajab.
Qonunchilikka ko‘ra, test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar apellyatsiya komissiyasiga apellyatsiya shikoyatini berish huquqiga ega.
Davlat test markazi test sinovlari natijasidan norozi bo‘lgan abituriyentlar 27 sentyabrdan shaxsiy kabinetlari (abitur.dtm.uz sayti) orqali apellyatsiya shikoyati berishlari mumkinligini ma’lum qildi.
Apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish apellyatsiya komissiyasi tomonidan 2020 yil 28 sentyabrdan boshlanadi.
Apellyatsiya shikoyatini bergan abituriyentlarga uni ko‘rib chiqish sanasi va vaqti ko‘rsatilgan xabarnoma beriladi. Abituriyent xabarnomada belgilangan vaqtda o‘zining pasporti va abituriyent ruxsatnomasi bilan Davlat test markaziga kelishi shart.
Apellatsiya shikoyati ko‘rilayotgan abituriyentga uning javoblar varaqasi nusxasi, test topshiriqlari noto‘g‘ri bajarilgan javoblar ro‘yxati hamda test sinovlarida abituriyentga taqdim etilgan test topshiriqlari kitobi beriladi.
Taqdim etilgan hujjatlar asosida abituriyent o‘zining har bir noto‘g‘ri deb hisoblangan test topshirig‘iga javoblarini yozma ravishda bayon qiladi va qabul qilib olgan barcha test materiallari bilan birga apellyatsiya komissiyasiga taqdim etadi.
Apellatsiya shikoyati apellyatsiya komissiyasi tomonidan faqat abituriyent ishtirokida, uning yozma javoblari asosida ko‘rib chiqiladi.
Abituriyentning yozma javoblari o‘z tasdig‘ini topmagan bo‘lsa, apellyatsiya komissiyasi test sinovlari natijalarini o‘zgarishsiz qoldirish va apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Abituriyent murojaat qilganda unga apellyatsiya shikoyati bo‘yicha qabul qilingan qarordan ko‘chirma beriladi.
“Abituriyentning javoblar varaqasi, test topshiriqlari kitobi Davlat test markaziga belgilangan tartibda yetkazilmagan, yirtilgan bo‘lsa, shuningdek, test sinovlaridan chetlashtirilgan yoki o‘zining javoblarini yozma ravishda bayon qilmagan abituriyentning apellyatsiya shikoyati ko‘rib chiqilmaydi”, deyilgan DTM xabarida.
Apellyatsiya komissiyasining qarori bo‘yicha ma’lumot O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasiga apellyatsiya shikoyatlarini ko‘rib chiqish to‘liq yakunlanganidan so‘ng, besh ish kuni ichida taqdim etiladi.
Apellyatsiya komissiyasining qarori O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng kuchga kiradi.
LiveBarchasi