AOKA nojo‘ya izoh masalasida OAVga yengillik bermoqchi...mi?

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan ishlb chiqilgan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunda axborot tarqatuvchini sahifasidagi nojo‘ya izoh haqida ogohlantirish tartibi ishlab chiqilgani haqida xabar bergan edik.

Quyida AOKA taklif qilayotgan tartibga to‘xtalib, uning amaldagi holat bilan farqi va undan kutilayotgan natijalarni ko‘rib chiqamiz.

Amaldagi holat

O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunining 12-1 moddasiga muvofiq, veb-sayt yoki veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger, o‘z veb-resurslaridan jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan harakatlarni sodir etish maqsadida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi, shunday holatlar sodir bo‘lganda qonunga zid axborotlarni darhol o‘chirib tashlashi shartligi belgilangan.

“121-modda. Hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatish
Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan:

- O‘zbekiston Respublikasining mavjud konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish;

- urush, zo‘ravonlik va terrorizmni, shuningdek diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish;

- davlat siri bo‘lgan ma’lumotlarni yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni oshkor etish;

- milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish;

- giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni targ‘ib qilish;

- pornografiyani targ‘ib qilish;

- qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shart.

Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishi, shuningdek joylashtirilgan axborotning noto‘g‘riligi aniqlangan taqdirda uni darhol o‘chirib tashlashi shart.

Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida belgilangan majburiyatlar veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger tomonidan bajarilmagan taqdirda mazkur veb-saytdan va (yoki) veb-sayt sahifasidan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan cheklanishi mumkin”.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 sentyabr 707-sonli qarori ushbu moddaning ijrosiga bag‘ishlangan bo‘lib, taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan (masalan, qonunga zid sharhlar ham shu jumladan) axborot resurslarini Reyestrga kiritish va ulardan foydalanishni cheklashga doir tashkiliy va dasturiy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutadi.

Veb-sayt yoki veb-sayt sahifasining egalari, shu jumladan blogerlar, yozilayotgan sharhlarning moderatsiyasiga ko‘p holatlarda e’tibor bermay, bilib yoki bilmagan holda “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunining 12-1 moddasi talablarini buzib kelishgan va ushbu Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Reyestrga tushishga nomzodlar qatorida bo‘lishgan.

AOKA taklifi

AOKA Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 sentyabr 707-sonli qarori bilan o‘rnatilgan tartibni to‘ldirish, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunining 12-1 moddasi talablarini buzilmasligi maqsadida taklif ishlab chiqdi.

Loyiha bo‘yicha, veb-sayt, veb-sayt yoki messenjer sahifalari egalariga, shu jumladan blogerga ularning veb-resurslarida 12-1 moddasi talablarini buzuvchi sharhlar joylashtirilganda, ularni darhol o‘chirib yuborish uchun veb-sayt, veb-sayt yoki messenjer sahifalari egalariga, shu jumladan blogerga, AOKA tomonidan xabarnoma yuboriladi. 

O‘z o‘rnida, veb-sayt, veb-sayt yoki messenjer sahifasi egasi, shu jumladan bloger, xabarnoma olingan paytdan boshlab 24 soatdan kechiktirmasdan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid bo‘lgan axborotni zudlik bilan o‘chirib tashlashi, shuningdek bu to‘g‘rida AOKAni xabardor qilishi lozim bo‘ladi.

Kutilayotgan natija

AOKA 12-1 moddasining veb-sayt, veb-sayt yoki messenjer sahifasi egasi, shu jumladan blogerlar tomonidan tizimli ravishda buzilishini oldini olish maqsadida o‘z bo‘yniga ular qilishi kerak bo‘lgan ishni olmoqda, ya’ni ko‘makchi bo‘lib chiqmoqda. Shuni unutmaslik kerakkki, qonun oldida barcha teng va qonunni bilmaslik fuqaroni javobgarlikdan ozod etmaydi.

Shuningdek, AOKAning ushbu taklifi Internetda tinch muloqot qilish madaniyatini shakllantirish hamda etika qoidalariga rioya etilishiga olib keladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

qonun OAV

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing