Anjelina Joli qimmatbaho Ferrari’sini sotuvga qo‘yadi (foto)
Texnologiya
−
09 Oktabr
13029Amerikalik aktrisa Anjelina Joli o‘zining 1958 yilda ishlab chiqarilgan Ferrari 250 GT mashinasini noyabr oyida kimoshdi savdosiga qo‘yadi. Bu haqda “Christie's” auksion uyi xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur avtomobil Ferrari kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan 353 ta nusxadan o‘n birinchi raqamli mashinadir. Avtomobil 3 litrli Colombo V12 dvigateliga ega va besh bosqichli mexanik uzatma qutisi bilan jihozlangan. Mashinaning tashqi ko‘rinishi qora rangda ishlangan, ichki qismi esa yorqin qizil charm mato bilan qoplangan. Uning odometriga ko‘ra, Ferrari atigi 10 ming kilometr yo‘l bosib o‘tgan.
250 GT rusumli superkar birinchi marta 1958 yilda Parij avtosalonida namoyish etilgan. U Borrani brendidan original g‘ildiraklari va alyuminiy baraban tormozlari bilan jihozlangan.
Christie’s vakili avtomobilda o‘zining asl dvigateli o‘rnatilganini tasdiqladi, lekin katta ehtimol bilan mashina 1978 yilda ko‘k va oq rangga bo‘yalgan, ichki qismi qoradan qizil rangga almashtirilgan. Kimoshdi savdolari uyi aktrisaning mashinaga qancha vaqtdan beri egalik qilgani yoki undan umuman foydalangani haqida ma’lumot berishdan bosh tortgan.
Shuningdek, Joli nima uchun mashinani sotayotgani ham noma’lum. Yulduz bu Ferrari’ni haydagan holda deyarli suratga tushmagan. Taxminlarga ko‘ra, aktrisa shunchaki keraksiz narsalardan xalos bo‘lmoqda.
Odatda, bunday noyob mashinalar taxminan 0,5 million dollarga sotiladi. Christie’s auksionlar uyi esa mashinani 660 000 dan 880 000 dollargacha baholamoqda.