Antibiotiklarni retseptsiz sotish qonun bilan taqiqlanadi — SSV

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, antibiotiklarni shifokor retseptisiz bemorlarga berish taqiqlanadi. Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Muhabbat Ibrohimova qonunchilikda bu borada nimalar deyilganini eslatdi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, qonunchilikka ko‘ra, antibiotiklarni shifokor retseptisiz berish taqiqlanadi. Jumladan, “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq, dori vositalarini retsept bilan (antibiotiklar shular jumlasidan) dorixonalardan chakana realizatsiya qilish Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan qoidalarga asosan amalga oshirilishi belgilangan.

Shuningdek, bu kabi dori preparatlarini dorixonalarda sotish Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan shakldagi retseptlar bo‘yicha yoki tasdiqlangan Retseptsiz beriladigan dori vositalarining ro‘yxatiga ko‘ra retseptsiz amalga oshiriladi. Qolaversa, Prezidentimizning 2019 yil 6 sentyabrdagi tegishli Qaroriga ko‘ra, tibbiyot tashkilotlarida mulkchilik va idoraviy mansubligidan qat’i nazar, bemorga retseptsiz retsept bo‘yicha beriladigan dori vositalarni buyurish taqiqlanadi.

Muhabbat Ibrohimova dorixona xodimi retsept bilan beriladigan dori vositasini retseptsiz sotganligi uchun qonuniy javobgarlik belgilanganini ham eslatgan.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1651-moddasi (dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) va O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi  1863-moddasiga (tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) ko‘ra, bunday shaxslar tegishli javobgarlikka tortiladi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 12 maydagi 284-sonli qaroriga asosan ushbu qonunbuzarlikni dorixona muntazam ravishda (bir yil davomida ikki va undan ortiq marta) amalga oshirsa, bu holat litsenziya talablari va shartlarini qo‘pol ravishda buzilishi hisoblanib, litsenziyaning amal qilishi belgilangan tartibda to‘xtatilishiga olib keladi.

Keyingi paytlarda ko‘pchilik odamlar o‘pka yallig‘lanishi jarayonlarida, tana harorati ko‘tarilganda va boshqa kasalliklarda bilib-bilmay, antibiotiklardan foydalanishni odatga aylantirdi. Ayniqsa, bugun koronavirusga chalingan fuqarolar orasida o‘zboshimchalik bilan antibiotik va gormon olish holatlari juda ko‘p kuzatilmoqda. Ammo bu noto‘g‘ri.

“Antibiotiklar tibbiyotda eng ko‘p tayinlanuvchi va uning qariyb barcha sohalarida qo‘llaniluvchi dori vositasi sanaladi. Biroq ulardan noto‘g‘ri foydalanish jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin”, deydi Muhabbat Ibrohimova.

Mutaxassis ba’zi bemorlar ushbu dori vositasidan virusli kasalliklar, xususan, COVID-19 infeksiyasini davolashda o‘zboshimchalik bilan foydalanayotgani, ularning ahvolini yanada og‘irlashtirib, ayrim hollarda o‘limga ham sabab bo‘layotganini qayd etgan.


Maqola muallifi

Teglar

SSV antibiotik

Baholaganlar

68

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing