Anri futbolchilarni FIFA’dagi vaziyatga aralashishga chaqirdi
Sport
−
18:29 490 2 daqiqa
“Arsenal” klubi va Fransiya terma jamoasining sobiq hujumchisi Terri Anri professional futbolchilarni jahon futbolidagi muhim qarorlarga ta’sir o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqdagi fikrlarni Anri CBS telekanalidagi dasturlarning birida aytib o‘tdi.
Fransuz sobiq futbolchi bu fikrni FIFA va tashkilot prezidenti Janni Infantino atrofidagi so‘nggi mojarolar fonida bildirgan.
“Menimcha, futbolchilar o‘zlari o‘ylagandan ko‘ra ko‘proq kuchga ega. Agar ular biror narsani o‘zgartirishni istasa, buni amalga oshirishlari mumkin, ayniqsa hozirgi davrda”, deydi Anri.
Uning aytishicha, futbolchilar ko‘pincha o‘z faoliyati va musobaqalar tashkil etilishiga bevosita ta’sir qiladigan qarorlar muhokamasidan chetda qoladi. Biroq ular birgalikda harakat qilsa, o‘z talablarini futbol tashkilotlariga qabul qildirish imkoniyati yuqori.
Anri AQSHdagi sport ligalarini misol qilib, NBA va NFL’da sportchilar biror masala bo‘yicha qat’iy pozitsiya bildirsa, liga rahbariyati ularning fikrini inobatga olishini qayd etgan.
“Ba’zida futbolchilar o‘zlarida qanday katta ta’sir borligini anglamaydi yoki undan foydalanmaydi. AQSHda esa buni yaqqol ko‘rish mumkin: futbolchilar biror narsani talab qilsa, liga ularni tinglaydi”, deydi futbolchi.
Anrining bayonotlari FIFA prezidenti Janni Infantino atrofidagi bosim kuchaygan bir paytga to‘g‘ri kelgan. So‘nggi haftalarda FIFA’ning 2026 yilgi Jahon chempionati tijoriy huquqlari bilan bog‘liq rejalari va tashkilot rahbariyati faoliyati yuzasidan tanqidlar kuchaygan, UEFA esa Infantino faoliyati bilan bog‘liq huquqiy choralarni ko‘rib chiqmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq FIFA UEFA’ni FIFA rahbariyatiga qarshi tuhmat kampaniyasi olib borishda ayblagandi.
Live
Barchasi