“Anneksiya – judayam og‘ir so‘z”: Ukraina Toqayevning Qrim haqidagi fikridan norozi
Olam
−
05 dekabr 2019
7185Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Qrim Rossiya tomonidan bosib olinganini rad etgani munosabati bilan Ukraina Prezident rasmiy Nur-Sultonga demarsh (biror davlatning boshqa davlatga yo‘naltirgan diplomatik chiqishi) bilan chiqadi. Bu haqda UNIAN Ukraina Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Yekaterina Zelenkoning bayonotiga asosan yozmoqda.
“Ommaviy axborot vositalarida Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning Rossiya Ukrainaga tegishli Qrimni bosib olganini rad etishi bilan bog‘liq bayonotlari to‘g‘risida tarqalgan xabarlardan tashvishdamiz”, deyiladi Ukraina TIV bayonotida.
Xususan, Zelenko Ukraina doimo Qozog‘istonni o‘zining sherigi va do‘sti sifatida ko‘rib kelganini ta’kidlagan.
“O‘zaro ishonch tamoyillari, mustaqillik, davlat suvereniteti, hududiy yaxlitlik va chegaralar daxlsizligini hurmat qilish, tenglik va bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik, shuningdek, Ukraina va Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi davlatlararo munosabatlarning asosini tashkil etuvchi xalqaro huquq normalariga qat’iy rioya qilish. Ushbu mezonlar 1994 yilda imzolangan Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomada mustahkamlangan, shundan beri davlatimiz ularga qat’iy rioya qilib kelgandi”, degan Zelenko.
Zelenko Toqayevning so‘zlari nafaqat Ukraina-Qozog‘iston munosabatlarining asosiga, balki BMT Bosh assambleyasining 2014 yil 27 martdagi “Ukrainaning hududiy yaxlitligi” nomli rezolyutsiyasida qayd etilgan xalqaro pozitsiyaga zid ekaniga urg‘u bergan.
“Qozog‘iston Prezidenti bunday bayonotlarni har ikki tomon a’zo bo‘lgan tashkilot - YeXHT vazirlar uchrashuvi arafasida bergani juda afsuslanarli. Xelsinki yakuniy aktiga ko‘ra, YeXHTning asosiy prinsiplaridan biri bu - davlatlar suvereniteti va hududiy yaxlitligini hurmat qilish”, deyiladi bayonotda.
Shu munosabat bilan bildirilishicha, “tegishli ochiq diplomatik harakat Qozog‘iston tomoniga yetkaziladi”.
Ta’kidlash kerakki, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev Germaniyaning "Deutsche Welle" nashriga bergan intervyusida “Qrimda ro‘y bergan voqealarni” anneksiya (bosib olish) deb hisoblamasligini aytgandi.
"Nima yuz bergan bo‘lsa, o‘tib ketdi. Anneksiya – Qrimga nisbatan juda og‘ir so‘z", degan Toqayev. U Qozog‘iston doim Rossiya siyosatining to‘g‘riligiga ishonishini qo‘shimcha qilgan.