Anqaradagi teraktdan so‘ng Turkiya Iroqda havo hujumini boshladi

Olam

image

Anqaradagi Ichki ishlar vazirligini nishonga olgan xudkushlik hujumidan bir necha soat o‘tib Turkiya Iroq shimolidagi Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP)ga qarshi havo hujumlarini boshladi. Bu haqda Turkiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

Turkiya rasmiylariga ko‘ra, KIPning 20 ta ob’ektiga zarba berilgan. Mudofaa vazirligi KIP g‘orlari, bunkerlari va qurol omborlari nishonga olinganini ma’lum qildi.

Vazirlik bayonotida aytilishicha, zarbalardan KIP va boshqa terror unsurlarini zararsizlantirish, Iroq shimolidan turk aholisi va huquq-tartibot idoralariga qarshi terror hujumlarining oldini olish, chegara xavfsizligini ta’minlash maqsad qilingan.

Kurdlarning “Rudaw” axborot agentligining xabar berishicha, zarba Iroq shimolidagi Qandil tog‘ tizmasida, Eron bilan chegaraga yaqin joyga berilgan. Qandil tog‘lari borish qiyin bo‘lgan hudud bo‘lib, uzoq vaqtdan beri KIPning tayanch nuqtalaridan biri bo‘lib kelgan.

Ma’lumot uchun, Turkiyada faoliyati taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi 1978 yilda tuzilgan. Tashkilot Turkiya, AQSH va Yevropa Ittifoqida terrorchi sifatida tan olingan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 oktyabr kuni tongda Anqaradagi Turkiya Ichki ishlar vazirligining Xavfsizlik bosh boshqarmasida terakt sodir etishga urinish bo‘ldi. Ikki erkak mashinada bino oldiga borgan. Ulardan biri o‘zini portlatib yuborgan, ikkinchi terrorchi otib o‘ldirilgan. 

Shundan so‘ng, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatning tinchlik va xavfsizligini buzishga urinayotgan terroristlar hech qachon maqsadlariga erisha olmasligini aytib chiqdi. Kurdiston ishchilar partiyasi terrorchi tashkiloti mazkur terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya terakt Anqara KIP

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing