Anqaradagi terakt ortida kim turgani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
02 Oktabr 2023
21315Turkiyada faoliyati taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi terrorchi tashkiloti Anqara markazidagi Ichki ishlar vazirligi binosi yaqinida sodir etilgan terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Bu haqda terrorchi tashkilotning bayonotiga tayanib, ANF agentligi xabar berdi.
“Bugun soat 9:30 atrofida bizning “O‘lmaslar” batalonimiz otryadi Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi binosiga qarshi harakatni amalga oshirdi. Bu harakat parlamentning ochilish kunida, parlamentga juda yaqin joyda amalga oshirilishi belgilangan edi”, deyiladi bayonotda.
Taqiqlangan partiya a’zolari Ichki ishlar vazirligi binosiga kirib, qo‘riqchini o‘ldirgan.
Turkiya Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, ikki politsiyachi yengil jarohat olgan va ular orasida o‘lim holati qayd etilmagan.
Ma’lumot uchun, Turkiyada faoliyati taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi 1978 yilda tuzilgan. Tashkilot Turkiya, AQSH va Yevropa Ittifoqida terrorchi sifatida tan olingan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 1 oktyabr kuni tongda Anqaradagi Turkiya Ichki ishlar vazirligining Xavfsizlik bosh boshqarmasida terakt sodir etishga urinish bo‘ldi. Ikki erkak mashinada bino oldiga borgan. Ulardan biri o‘zini portlatib yuborgan, ikkinchi terrorchi otib o‘ldirilgan.
Shundan so‘ng, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatning tinchlik va xavfsizligini buzishga urinayotgan terroristlar hech qachon maqsadlariga erisha olmasligini aytib chiqdi.
LiveBarchasi