Anqarada TDT Prezidentlarining Favqulodda sammiti o‘tkazilyapti

Olam

image

Joriy yilning 16 mart kuni Turkiya poytaxti Anqarada Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar Davlat rahbarlarining navbatdan tashqari sammiti bo‘lib o‘tadi. Sammit Ozarbayjon taklifi bilan o‘tkazilishiga qaror qilingan. 

Prezident qarorgohida Turkiya Prezidenti janob Rajab Toyib Erdo‘g‘an mezbonligida bo‘lib o‘tadigan sammitda TDTga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning davlat/hukumat rahbarlari hamda TDT Bosh kotibi ishtirok etishi kutilmoqda. 

“Favqulodda vaziyatlarni boshqarish va insonparvarlik yordami” mavzusiga bag‘ishlangan sammit, Turkiyaning janubiy va janubi-sharqiy mintaqalarida sodir bo‘lgan zilzila falokati tufayli yuzaga kelgan favqulodda kun tartibining eng yuqori darajada muhokama qilinadigan platformasini yaratadi. Rahbarlar tabiiy ofatlarga qarshi kurashda tashkilot doirasida mustahkam ko‘p tomonlama hamkorlik va muvofiqlashtirish mexanizmlarini o‘rnatishga e’tibor qaratadilar hamda mintaqadagi dolzarb muammolar yuzasidan maslahatlashadilar. 

“Ma’lumki, Turkiy Davlatlar Tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlar katta birdamlik ko‘rsatib, Turkiyaga yordam berish uchun safarbar bo‘ldi va bu davrda yuborgan qidiruv-qutqaruv guruhlari va insonparvarlik yordamlari bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalari mustahkamlandi”, deyiladi TDT xabarida. 

Sammit dasturi yakunida davlat rahbarlari Anqara deklaratsiyasini imzolaydilar. 

TDT Tashqi ishlar vazirlari kengashi o‘sha kuni ertalab Anqarada yig‘ilib, Davlat rahbarlari muhokama qiladigan kun tartibi masalalari bo‘yicha yakuniy ishlarni amalga oshiradi. 

Favqulodda sammitga janob Binali Yildirim raisligidagi TDT Oqsoqollar Kengashi a’zolari hamda Turk Hamkorlik Tashkiloti Prezidentlari va Bosh Kotiblari ishtirok etadi.

Hozircha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ushbu sammitda ishtirok etish yo etmasligi haqida rasmiy bayonot berilgani yo‘q. 

Ma’lumot uchun, Turkiy Davlat Tashkiloti Qozog‘iston Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon a’zoligidagi tashkilot bo‘lib, Turkmaniston, Vengriya va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi tashkilotda kuzatuvchi maqomiga ega. Tashkilotning so‘nggi sammiti 2022 yilning 11 noyabr kuni Samarqandda o‘tkazilgan edi.  


Maqola muallifi

Teglar

Turkiy Davlatlar Tashkiloti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing