Anqara YeIning Turkiya haqidagi hisobotini qoraladi
Olam
−
09 noyabr 2023
4674Anqara Yevropa Ittifoqining Turkiya haqidagi so‘nggi hisobotida keltirilgan ayblovlar va tanqidlarni butunlay rad etadi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vazirligi bayonot berdi.
TIVning qayd etishicha, bu birinchi navbatda hujjatning siyosiy mezonlar, sud tizimi va asosiy huquqlarga bag‘ishlangan bo‘limlariga tegishli.
“Turkiya-2023 hisoboti Yevropa Komissiyasi tomonidan mamlakatimizga nisbatan tayyorlangan 25-ma’ruza bo‘lib, Yevropa Ittifoqining Turkiyaga nisbatan nohaq va noxolis yondashuvini davom ettirayotgani hozirda ko‘plab muammolarga duch kelayotgan qit’amizning kelajagi uchun xavotirga sabab bo‘lmoqda”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Rasmiy Anqaraga ko‘ra, tashqi siyosat, mintaqaviy rivojlanish, xavfsizlik, mudofaa va sohaviy masalalarda nomzod davlat Turkiya bilan yuqori darajadagi muloqot va hamkorlik mexanizmlari bloklangan holda, uning ushbu muhim sohalarda Yevropa Ittifoqi siyosatiga muvofiqlik darajasi pasayganini da’vo qilish bir-biriga to‘g‘ri kelmaydi.
Bayonotda aytilishicha, Anqara hisobot matnidagi Turkiyaning HAMAS-Isroil mojarosi bo‘yicha pozitsiyasini Yevropa Ittifoqiga mutlaqo mos kelmaydigan, deya tanqid qilingan bahoni “maqtov” deb biladi.
“XXI asrda o‘rta asrlardan ko‘tarilgan tinch aholi qirg‘ini oldida noto‘g‘ri tarixiy pozitsiyada bo‘lgan Yevropa Ittifoqiga umuminsoniy qadriyatlar, xalqaro huquq va insonparvarlik tamoyillariga asoslangan siyosat nafaqat Ukraina yoki Yevropaning boshqa mintaqasiga, balki butun dunyoga, jumladan, Yaqin Sharqqa ham taalluqli bo‘lishi kerakligini eslatish zarur, deb hisoblaymiz”, deya ta’kidlagan TIV.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 8 noyabr kuni Yevropa Komissiyasi Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha hisobotini e’lon qilgan va unda Turkiyaning demokratiyadan ortga qaytayotgani, Shimoliy Kiprni harbiylashtirishni davom ettirib, HAMASga tarafkashlik qilayotganidan xavotir bildirgandi.