Anqara Erdo‘g‘anning ahvoli og‘irlashgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Olam

image

Kecha, 26 aprel kuni tarmoqlarda keng tarqalgan Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning yurak xurujiga uchragani va kasalxonaga yotqizilgani haqidagi xabarlar rad etildi. Bu haqda Erdo‘g‘an ma’muriyatining aloqa bo‘limi qoshida tashkil etilgan Dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi axborot berdi.

“Prezident Erdo‘g‘anning yurak xuruji bo‘lgani va kasalxonaga yotqizilgani haqidagi iddaolar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Prezident ertaga bo‘lib o‘tadigan “Oqquyu” atom elektr stansiyasida birinchi yoqilg‘ini yuklash marosimida jonli efir orqali ishtirok etadi”, deyiladi markaz xabarida. 

Agentlikning ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqlarda Erdo‘g‘anning yurak xurujiga uchragani haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lgan. Shuningdek, Turkiya rahbari Anqaradagi ofisidan “Oqquyu” atom elektr stansiyasi uchastkasi bilan bog‘lanishi ko‘rsatilgan.

Prezident ma’muriyati ham Turkiya rahbarining sog‘lig‘i yomonlashayotgani haqidagi asossiz da’volarni keskin rad etdi.

“Prezidentimiz Rajab Toyib Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i haqidagi bu asossiz da’volarni qat’iyan rad etamiz. Ertaga prezidentimiz videokonferensiya orqali “Oqquyu” atom elektr stansiyasining ishga tushirilishida ishtirok etadi. Qanchalik dezinformatsiya qilishmasin, ularni o‘zgartira olmaydi. Turk xalqi o‘z rahbarini qo‘llab-quvvatlayotgani va 14 may kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Adolat va taraqqiyot partiyasi g‘alaba qozonishi haqiqatdir”, deyiladi ma’muriyatning Twitter'dagi rasmiy sahifasida e’lon qilingan bayonotda.

Shuningdek, Turkiya vitse-prezidenti Fuat Oktay Anqara-Sivas shaharlari o‘rtasida tezyurar poyezdning yo‘lga qo‘yilishi munosabati bilan qilgan chiqishida Erdo‘g‘anda “yengil shamollash” borligini aytgan.

“Prezidentimizning ahvoli juda yaxshi. Doimiy aloqadamiz. Bir oz shamollab qolgan”, deya ta’kidladi siyosatchi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 26 aprel kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an jonli efirda nutq so‘zlayotgan vaqtida ahvoli yomonlashgan va 20 daqiqalardan so‘ng o‘ziga kelgandi. Keyinroq davlat rahbari miokard infarktini boshidan o‘tkazgani va reanimatsiyada bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumotlar tarqalgandi. Shuningdek, u chorshanba kuniga rejalashtirilgan barcha ommaviy chiqishlarni bekor qilgandi. Bundan tashqari, u “Oqquyu” AESda yadroviy yoqilg‘i yetkazib berish marosimida ishtirok etish uchun bugun, 27 aprel kuni Mersinga safarini bekor qilgani va u video aloqa orqali ishtirok etishi ma’lum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Turkiya Rajab Toyib Erdo'g'an Anqara

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing