Angrenda tarixiy bino buzilyaptimi?

Jamiyat

image

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Angren shahrida joylashgan 1960 yillarda qurilgan Chaykovskiy nomidagi musiqa maktabi binosi buzilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Madaniy meros agentligi munosabat bildirdi.  

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori bilan Toshkent viloyati hududida jami 828 ta yodgorliklar, jumladan Angren shahrida 47 ta madaniy meros ob’ekti milliy ro‘yxatga kiritilgan. Ammo ushbu ro‘yxatdan Chaykovskiy nomidagi musiqa maktabi binosi o‘rin olmagan.

Shuningdek, Toshkent viloyat hokimining 2019 yil 22 apreldagi qaroriga ko‘ra, Angren shahar “Yangiobod” MFY G‘afur G‘ulom ko‘chasi 34-A uyda joylashgan sobiq musiqa maktabi binosi sotilishi belgilangan. 2019 yil 19 avgustdagi elektron-onlayn auksion natijalariga asosan ob’ekt sarmoya kiritish va 5 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish sharti bilan “GELIKON VEST” MCHJ g‘olib deb topilgan. U bilan 2019 yil 24 avgustda oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtirilgan. Biroq Angren shahar hokimligi tomonidan ob’ekt sarmoyadorga topshirilmaganligi sababli xususiy korxona tomonidan sarmoya majburiyatlari bajarilmagan.

“2022 yil Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashiga sobiq musiqa maktabi binosi va Chaykovskiy byustini “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari milliy ro‘yxati”ga kiritish bo‘yicha taklif berilgan. Hozirgi kunda binoning tarixiyligini o‘rganish ustida amaliy ishlar olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Angren tarixiy bino

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing