Angorda hokimlik xodimlari tadbirkorlarning hujjatlarini nega olib qo‘ydi?

Jamiyat

image

Yaqinda “Amadeo Agro trade” MCHJ va YATT “Raxmonov Alisher Ulfatovich” tomonidan Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi meva-sabzavot yetishtiruvchilardan mahsulot yig‘ishtirilib, yuk mashinalariga yuklanayotgan vaqtda, tuman hokimligi xodimlari ushbu korxonalar tumandan ro‘yxatdan o‘tmaganligini vaj qilib, ularning hujjatlarini noqonuniy ravishda olib qo‘ygan. Bu haqda Biznes-ombudsman matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda joriy yilning 1-choragi uchun mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan umumiy qiymati 137 million AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 260 ming tonnadan ortik meva-sabzavot mahsulotlari chetga eksport qilingan. Surxondaryo va Qashkadaryo viloyatlaridagi fermer, dehqon xo‘jaliklari va shaxsiy tomorqa egalari yangi meva-sabzavot mahsulotlarini, xususan yangi sarimsoq, karam va boshkalarni yetishtirish va sotish bo‘yicha birinchi o‘rinni egallab kelmoqda.

Shularni hisobga olib, Toshkent viloyati Ohangaron tumanidan tadbirkorlik sub’ekti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan “Amadeo Agro trade” MCHJ  va Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida faoliyat yuritadigan YATT “Raxmonov Alisher Ulfatovich”lar Angor tumanidagi meva-sabzavotlarni eksportga yo‘naltirishni maqsad qilgan. Ular yetishtiruvchilardan mahsulotlarni yig‘ib, yuk mashinalariga yuklagach, Angor tuman hokimligi xodimlari korxonalar tumandan ro‘yxatdan o‘tmaganligini asos qilib, noqonuniy ravishda ularning hujjatlarini olib ko‘ygan.

Ushbu holatga Biznes-ombudsman va O‘zbekiston eksportchilari uyushmasi rahbariyati aralashishga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng, hujjatlar egalariga qaytarilib, 22,4 ming AQSH dollari mikdoridagi meva-sabzavot mahsulotlari o‘z vaqtida eksport qilinishiga erishilgan.
 
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, tadbirkorlar xom-ashyo, tovar va xizmatlar bozoriga erkin kirish huquqiga ega hisoblanadi. Davlat idoralari va ularning mansabdor shaxslari tadbirkorlarning ushbu bozorlarga kirishlariga taqiq qo‘yishga haqqi yo‘q, ayrim holatlar bundan mustasno qilinadi. 

Angor tuman hokimligi xodimlari qaysi qonunlarga asoslanib, tadbirkorlarning hujjatlarini olib qo‘ydi? Angor tuman hokimligi xodimlari mavjud qonunlarni bilmaydimi? Vazirlar Mahkamasi va Surxondaryo viloyat hokimligidan ushbu qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan shaxslarga qonuniy chora ko‘rishlarini kutib qolamiz.


Maqola muallifi

Teglar

tadbirkor eksport Angor tuman hokimligi

Baholaganlar

117

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing