Andijondagi sharmandaliklar davom etadi: deputatni majlisga majburan olib kelish uchun IIB xodimlari jo‘natildi
Jamiyat
−
14 fevral 2022
17500Bugun, 14 fevral kuni Andijon viloyati Andijon tumani hokimligi mansabdorlaridan biri IIB xodimlarini tuman Kengashi deputati Sardor Qosimovni apparat yig‘ilishiga kelmagani uchun uning ota-onasi yashayotgan uyga uni majburiy keltirish uchun yubordi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik patalasi deputati Rasul Kusherboyev ma’lum qilgan.
Qayd etilishicha, Sardor Qosimovning uyiga ichki ishlar xodimlarining borishi ortidan deputatning onasining kutilmaganda qon bosimi ko‘tarilib ketgan. Deputat IIB xodimlari qonunga zid bo‘lsa ham buyruqni bajarishini tanqid qilgan.
“Ichki ishlar xodimlari ham qonunga qaramay, yugurib ketavergan. Essiz IIB uchun ajratilayotgan resurslar.
Deputatning onasini kutilmagan holdan qon bosimi ko‘tarilib ketgan. Chunki odatda jinoyatda gumonlanayotgan yoki ayblanayotganlar shunday keltiriladi”, deb yozadi Kusherboyev.
Uning ta’kidlashicha, apparat yig‘ilishi Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tomonidan o‘tkazilib, viloyat hokimi negadir deputatlarni yo‘qlab qolgan va kelmagan deputatlar qidirilgan.
“Ijro hokimiyati apparati majlisida deputatlarning majburiy ishtirok etishi hech qayerda ko‘rsatilmagan.
Demak, Kengashlarga qonunlarni tan olmaydigan feodal hokimlar bosh bo‘lishda davom etarkan, bunaqa sharmandaliklar ko‘p davom etadi va bizga kuchli fuqarolik jamiyatini qurish orzu bo‘lib qolaveradi”, deydi deputat.
Hech kimga sir emaski, Andijonda qonun buzilish holati birinchi marotaba bo‘layotgani yo‘q. Bungacha, viloyatning ko‘plab maktablarida o‘qituvchilar yarim kechasigacha qolib, turli xil tadbirlarda qatnashishi talab qilinayotgani ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, Asaka tumanida shaxsan viloyat hokimining topshirig‘i bilan 10 ga yaqin ko‘p yillik daraxt kesib tashlangani aytilgandi. Shunday qonunga zid holatlarning eng so‘nggisi, eng shov-shuvlisi Marhamat tumanida sodir bo‘ldi. 72-IDUM o‘qituvchilari o‘quvchilarning ota-onasidan uzr so‘rashga majburlandi.
Bunday sharmandaliklar Andijon viloyati uchun odatiy holga aylanib qolayotganday va umuman tugamaydiganga o‘xshaydi. Qonuniy chora ko‘rishdan esa darak yo‘q.
LiveBarchasi