Andijondagi 5 yoshli qiz ham “Seftriakson”dan vafot etgan bo‘lishi mumkin
Salomatlik
−
03 fevral 2023
9717Avvalroq Andijon viloyati Baliqchi tuman tibbiyot birlashmasining yuqumli kasalliklar bo‘limida 5 yoshli qiz shifokorlar aybi sabab vafot etgani haqida xabar bergan edik.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilning 10 dekabr kuni vafot etgan andijonlik qizning o‘limiga “Seftriakson” dori vositasi sabab bo‘lishi mumkin.
Bu haqda Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabar berdi.
“O‘limga olib kelgan asosiy gumon “Seftriakson”-dori vositasiga allergiya bo‘lishi mumkin, aniq javobni Sud aniqlaydi.
Barcha holatlar, shuningdek hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etildi, surishtiruv-tergov haraqatlari boshlangan, Baliqchi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining 2023 yil 16 yanvardagi 35-1-18-TV/2023-sonli buyrug‘iga asosan hamshira R.Z. ishdan chetlatilgan”, deyiladi boshqarma xabarida.
Aniqlik kiritilishicha, 2022 yil 9 dekabr kuni Baliqchi tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli qabulxona bo‘limiga soat 16:30da 2018 yilda tug‘ilgan U.M ota-onasi hamrohligida olib kelingan.
Qabulxona shifokori tomonidan ko‘rilganda holati o‘rtacha og‘ir, tana harorati ko‘tarilmagan, bemorda “O‘tkir respirator virusli infeksiyasi, asorati o‘tkir bronxit” xulosasini qo‘ygan va ota-onasiga bemorni yuqumli kasalliklar shifoxonasida yoki oilaviy shifokorlik punktida oilaviy shifokori nazoratida davolanishini tavsiya bergan.
“Shifokor Medipim(sefalosporin) 500mg + novokain 0,5% - 5,0 ml sinama bilan 2 maxal 7 kun; Deksametazon 1,0 m/o ga 1 maxal 5 kun; Ambratsol 1 tadan 3 maxal 5 kun; Lorotal ½ tab 1 maxal tavsiya qilgan 2 kun, doimiy shifokor nazoratini tavsiya etgan”, deya bemorga berilgan retseptni ochiqlagan boshqarma.
Shundan so‘ng bemor qizning ota-onasi bolani yuqumli kasalliklar bo‘limiga olib borgan, navbatchi hamshira Z.Raximova muolajani boshlamoqchi bo‘lib, in’eksiyalarni tayyorlayotgan davrda “Medipim” dori vositasi yo‘qligini aytgan, shunda bemorning onasi “Seftraksion” dorisini olib kelgan, hamshira “belgilangan tartib rioya qilmasdan, shifokor tavsiyasi almashganidan xabardor bo‘lgan, holda doriga allergiya sinamasini qo‘ymagan. V”itamin “S”(asidi ascorbini) 5%-2,0 tomir ichiga qilgan, Deksametazon 1,0 bir tomoniga, ikkinchi tomoniga “Seftriakson” 1,0 muskul ichiga yuborgan, bir daqiqa o‘tmay bola qusgan va ko‘karib ketganligi sababli, bola “shoshilinch tibbiy yordam” bo‘limiga olib o‘tilgan, harakatlar befoyda bo‘lib, vafot etgan”, demoqda Andijon viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabarida.
Shuningdek, boshqarma hamshiraning harakatlarida yomon niyat bo‘lmaganir, ammo aybdorlik darajasi sud qarori asosida xulosa qilinishini qo‘shimcha qilgan.
Qolaversa, tibbiyot boshqarmasi tomonidan “Seftriakson” dori vositasining yaroqliligi, sifatini tekshirish, dori sotilgan aptekadagi “Seftriakson” dorilarini tarkibini tekshirish tugaguncha savdodan to‘xtatib turish tavsiya etilgan.
“Baliqchi tumanida yashovchi bemorning onasi F. bilan suxbat o‘tkazilganida, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay bolaning yurak urushi tiklanmaganligini, bola vafot etganligini, ushbu baxtsiz voqeada biror insonni ayblab, shikoyat qilish niyati yo‘qligini bildirgan. Baliqchi tuman prokuraturasi tomonidan holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda” deya xulosa qilingan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qirg‘izistonda yanvar oyi davomida 9 kishi “Seftriakson” dori vositasi tufayli anafilaktik shokga uchragani, shundan bir kishi vafot etgani haqida xabar bergan edik.
Bundan tashqari QALAMPIR.UZ O‘zbekistonda bu bo‘yicha holat qandayligini bilish maqsadida Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish Davlat markazi Farmakologik nazorat bo‘limi boshlig‘i Elvira Svechnikova bilan bog‘langandi. U esa O‘zbekistonda “Seftriakson” preparatlarining nojo‘ya ta’siri, shuningdek, o‘lim holatlari qayd etilmaganini ta’kidlagan edi.
LiveBarchasi