Andijonda o‘qituvchilar boshini egib, uzr so‘ratish “g‘oya”si qaysi boshdan chiqqani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

Andijon viloyatining Marhamat tumanida o‘qituvchilarni o‘quvchilarning ota-onasidan uzr so‘ratish tuman hokimi Boburjon Yo‘ldoshevning tashabbusi bo‘lgan. Bu haqda Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilovning holat bo‘yicha bildirgan munosabatida ma’lum qilindi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, maktab o‘qituvchilari va ota-onalar yig‘ilishi Marhamat tumani hokimidan chiqqan tashabbus bo‘lib barcha maktablarda o‘tkazishga topshiriq berilgan. Shu sababdan XTB boshlig‘i tuman hokimining mazkur holat bo‘yicha shaxsan o‘zining munosabat berishini qat’iy talab qilgan.

Azizbek Mirkomilovning qayd etishicha, viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov tomonidan o‘tkazilgan apparat yig‘ilishida birorta umumta’lim maktabi direktorlariga va o‘qituvchilariga intizomiy chora ko‘rish yoki ularni kamsitish mumkin emasligi qat’iy ko‘rsatib o‘tilib, ogohlantirilgan. 

Viloyat XTB munosabatida bildirilishicha, bunday yig‘ilishlar o‘tkazilishi mumkin emasligi bo‘yicha tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri tomonidan, tuman hokimining o‘rinbosariga aytilgan va bu tashabbus mudir tomonidan berilmagan.

“Mazkur holat yuzasidan menga ma’lum bo‘lganidan so‘ng, men viloyat hokimining o‘rinbosariga va tuman hokimiga mazkur mazmundagi yig‘ilishlar viloyat hokimining va ustozlarning jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lishini aytganimdan so‘ng, yig‘ilishlarni o‘tkazilishi oldi olindi.

Yuqoridagi holatlarni o‘z vaqtida oldini olmaganim uchun va ustozlarni himoya qilmaganim uchun barchangizdan uzr so‘rayman!”, degan Azizbek Mirkomilov.

Avvalroq, Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchilar o‘quv muassasada ta’lim sifati, o‘quvchilarning oliygohlarga kirish ko‘rsatkichi pastligi uchun ota-onalar oldida tik turib kechirim so‘rashga majbur qilingani haqida xabar bergan edik.

O‘qituvchilarning bu tarzda kamsitilishicha, viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov uzrli munosabat bildirib, aybdorlarni shaxsan jazolashini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1461

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing