Andijonda oqsoqollardan sobiq hokim bergan velosipedlar qaytarib olinyapti 

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarov mahalla fuqarolar yig‘inlari raislariga tarqatgan velosipedlarni qaytarish ishlari ketayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Andijon shahar hokimligi Matbuot xizmati izoh berdi. 

Qayd etilishicha, sobiq hokim davrida Andijon shahridagi 83 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari raislariga xizmatda foydalanish uchun velosiped topshirilgan.

Joriy yilning 16-26 may kunlari esa Andijon shahrida MFY raisi (oqsoqoli) saylovi bo‘lib o‘tgan hamda ushbu saylov jarayonida 52 nafar yangi mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari saylangan. 

Shu sababli sobiq mahalla fuqarolar yig‘inlari raislaridan velosiped hamda barcha mahalla balansidagi invertarlar qaytarib olinib, yangi raislarga topshirilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, sobiq Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarov joriy yilning 6 iyun kuni qamoqqa olindi. U jinoiy sheriklari bilan 48 mlrd so‘m byudjet mablag‘larini talon-toroj qilganlikda ayblanmoqda. Uning ortidan Andijon viloyati Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i ham hibsga olindi.

Aytish joizki, dastlab Bahrom Haydarov  davlat manfaatlariga 1 mlrd 779 mln so‘m zarar yetkazishda gumonlangandi. Andijon shahar prokuraturasi tomonidan olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida joriy yilning 3 fevral kuni deputat va hokimni tergovga jalb qilish maqsadida Andijon viloyati prokuraturasiga taqdimnoma kiritilgan.

Dastlabki tergov harakatlari davomida Bahrom Haydarov hokimiyat huzuridagi Yer maydonlarini ajratish bo‘yicha doimiy ishlovchi maxsus komissiya a’zolari bilan guruhda Yer kodeksining 17, 23, 62-moddalari, qolaversa, Prezident hamda Vazirlar Mahkamasining qaror hamda farmoyishlariga zid ravishda jismoniy va yuridik shaxslarga auksion orqali o‘zining vakolatidan qasddan foydalanib, yer maydonlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilishi haqida mutasaddi mansabdorlarga ko‘rsatma bergani aniqlangan.

Bahrom Haydarov aslida bekor qilingan hujjatlarni asos qilib ko‘rsatgan holda, komissiya dalolatnomalari va yer ajratish to‘g‘risidagi qarorlariga soxta ma’lumotlar va yozuvlar kiritib, 2019-2020 yillarda yer maydonlarini ajratish to‘g‘risidagi qaror va farmoyishlarni qabul qilgan.

Keyinroq Bosh prokuratura Bahrom Haydarov Andijon shahar moliya bo‘limida ishlagan vaqtida 48 mlrd mablag‘larni talon-toroj qilishda gumonlanayotganini ma’lum qildi. Bosh prokuratura tomonidan olib borilayotgan tergov ishida 37 nafar shaxs ayblanib ulardan 32 nafari hibsga olingan.

Ma’lumot uchun, Andijon shahriga joriy yilning 14 iyun kuni G‘ofurjon Abdurahmonov hokim etib tayinlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

301

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing