Andijonda narkolaboratoriya tashkil qilganlar jazolandi
3-sahifa
−
15:38
908Andijonda narkolaboratoriya tashkil qilgan uyushgan jinoiy guruh a’zolari uzoq muddatga qamaldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Qayd etilishicha, huquq-tartibot idoralari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida yashovchi muqaddam sudlangan fuqaro I.I. Telegram messenjerida giyohvandlik vositalari sotish bilan shug‘ullanuvchi uyushgan jinoiy guruh a’zosi tomonidan gaz pechi ichiga yashirilib, Rossiya Federatsiyasidan yuborilgan 321 gramm “5F-APINACA” nomli sintetik narkotik moddani qabul qilib olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, keyinroq I.I. tomonidan xufiya joyga qoldirib ketilgan ushbu ajal og‘usini olish uchun kelgan vaqtida Andijon viloyatining Marhamat tumanida istiqomat qiluvchi J.S. ham ushlangan.
Bildirilishicha, tergovga qadar tekshiruv davomida uyushgan jinoiy guruh a’zosi topshirig‘iga ko‘ra, J.S. Andijon shahridagi xonadonlardan birini ijaraga olib, u yerda narkolaboratoriya tashkil qilgani ma’lum bo‘lgan. Bundan tashqari, J.S. tomonidan Marhamat tumani hududidagi xufiya joyga yashirib qo‘yilgan 4 kilogramm 372 gramm “a-PVP” sintetik narkotik moddasi ham protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Holat yuzasidan ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tuman sudi tomonidan mazkur shaxslar Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, I.I. 13 yil 6 oy va J.S. 15 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrining Mirobod tumanida sintetik giyohvandlik moddalarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib kelgan shaxs qo‘lga olingan edi.