Andijonda muqaddam sudlangan ayol 9 kg gashish bilan ushlandi

3-sahifa

image

Andijonda muqddam sudlangan ayol 9 kilogramm 57 gramm gashish moddasini Farg‘ona shahriga olib ketayotganda DXX xodimlari tomonidan ushlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Unga ko‘ra, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Andijon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Oltiariq tumanida yashovchi muqaddam sudlangan ayol qirg‘izistonlik narkokurerlar kontrabanda yo‘li bilan yetkazib bergan 9 kilogramm 57 gramm gashish moddasini qabul qilib olib, Farg‘ona shahri tomon harakatlanmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, DXX Qashqadaryo viloyat boshqarmasi, viloyat ichki ishlar va bojxona boshqarmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Ko‘kdala tumanidagi “Umakay” YPX maskanida Toshkent shahri tomon harakatlanayotgan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvidagi Cobalt avtomobili to‘xtatilgan.

Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda uning yukxonasida 2 kilogramm opiy va 550 gramm gashish moddalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan. 

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, Denov tumanida yashovchi shaxs Tojikistondan keltirilgan ushbu moddani Toshkent shahrida qabul qilib olgan vaqtida tezkor guruh tomonidan ushlangan.

DXX Namangan viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida esa Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroga tegishli dalahovli xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Natijada, Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan 1 kilogramm 390 gramm gashish moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Ushbu fuqaro 12 ming dollarga sotib olingan narkotik moddani qayta sotmoqchi bo‘lgan.

Shu bilan birga, DXX Toshkent shahar va Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mahalliy fuqaro 974 gramm gashish moddasini 10 ming dollarga sotgan vaqtida qo‘lga olingan.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, u moddani hamshaharidan olgani ma’lum bo‘lib, u ham ushlangan. Mazkur narkotik modda Qirg‘izistondan olib kelingani aniqlangan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Davlat xavfsizlik xizmatining joylardagi tergov bo‘limlari tomonidan Jinoyat kodeksining 246 (Kontrabanda) va 273-modda (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish)lari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan hamda tergov harakatlari olib borilayotgani ma’lum qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

DXX Andijon gashish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing